Chirchiqda Airbus vertolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatish markazi ishga tushirildi

Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Chirchiq aviatsiya taʼmirlash zavodiga tashrif buyurdi. Bu haqda davlat rahbar matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Mirziyoyev zavodda amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari va yangi yuqori texnologik boʻlinmalar faoliyati bilan tanishdi. Korxona negizida MDH va mintaqada yagona boʻlgan Airbus vertolyotlariga texnik xizmat koʻrsatish markazi ishga tushirilgani ma’lum qilindi.
Mazkur markaz «Airbus» kompaniyasi tomonidan rasmiy sertifikatsiyadan oʻtkazilgan boʻlib, ishlab chiqarish jarayonlari xalqaro standartlar va ishlab chiqaruvchi talablariga mos ekani tasdiqlangan. Bu yerda H-125, H-215 va H-130 rusumli vertolyotlar uchun servis va ta’mirlash ishlarining toʻliq majmuasi yoʻlga qoʻyilgan.
Markaz Oʻzbekistonni Airbus vertolyotlariga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha mintaqaviy xabga aylantirish imkonini beradi. Prezident markaz imkoniyatlari bilan tanishib, mutaxassislar bilan muloqot qildi.
Shuningdek, zavodda Su-25 harbiy samolyotlarini kapital ta’mirlash va modernizatsiya qilish uchun yangilangan sexlar taqdim etildi. Ilgʻor texnologiyalar asosida samolyotlarni zamonaviy navigatsiya tizimlari, tungi koʻrish qurilmalari va oʻzini himoya qilish komplekslari bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Mudofaa doktrinasi qayta ko‘rib chiqilishi haqida xabar bergan edik.

