Yangiliklar

Eronda Starlink orqali internetga kirish izdan chiqdi

Vaziyat avvalgilardan ham keskinlashmoqda
Eron Starlink internetini to‘sdi
Rasm ChatGPT yordamida yaratilgan

Eron hukumati mamlakat ichida internetga barcha kirish yo‘llarini to‘liq o‘chirib qo‘ydi. Bu haqda IranWire nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, vaziyat avvalgi davrlarga qaraganda yanada keskinlashgan. Rasmiylar Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti faoliyatiga ommaviy tarzda xalaqit bera olgan. Ilgari deyarli himoyalangan deb hisoblangan servis ishlashi jiddiy darajada izdan chiqqan.

Mutaxassislar hisobiga ko‘ra, Eron hududida minglab Starlink terminallari mavjud. Ular senzura va blokirovkani chetlab o‘tish uchun ishlatilgan. Biroq hozir sun’iy yo‘ldosh trafikning qariyb 80 foizi bloklangan.

Internet tadqiqotchisi Amir Rashidi Eron hududida Starlink sun’iy yo‘ldoshlariga yo‘naltirilgan harbiy radioelektron to‘sqinlik signallari aniqlanganini aytdi. U bu holatni misli ko‘rilmagan va yuqori texnologiyali amaliyot, deb baholadi. Rashidi Eron Xitoy yoki Rossiya texnologiyalaridan foydalangan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi.

Yakshanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Eron aholisi uchun internetni tiklash masalasida Ilon Mask bilan gaplashmoqchi ekanini bildirdi.

Avvalgi norozilik namoyishlarida Eronda internet 12 kungacha o‘chirilgan edi. Hozirgi vaziyat esa uzoqroq va yanada qattiqroq bo‘lishi mumkin. Bunga noroziliklar ko‘lami va aloqa bostirish texnologiyalarining yangi darajasi sabab bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Erondagi noroziliklar oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 500 nafardan oshgani haqida yozgan edi.