Kitobxonlik tanlovida g‘olib bo‘lgan askarlarning harbiy xizmat davri bir oyga qisqartiriladi

Shavkat Mirziyoyevning harbiylar bilan o‘tkazgan yig‘ilishida askarlarga muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida harbiy qismning o‘zida oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini topshirish imkoniyati yaratilishi ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalikka qabul qilingan yoshlar xizmat muddati yakunlangach, bevosita oliygohda o‘qishni boshlaydi.
Shuningdek, armiyadan qaytib, oliy ta’lim olishni rejalashtirgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikatlarini olish bilan bog‘liq xarajatlar qoplab beriladi. Agar ular oliygohlarga kontrakt asosida qabul qilinsa, foizsiz ta’lim krediti ajratiladi.
Shu bilan birga, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlarga ajratiladigan kreditlar bo‘yicha 6 foizlik xarajat davlat tomonidan qoplanadi. Davlat tashkilotlariga ishga kirishda esa Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test natijalariga 10 foizlik ustama ball beriladi. Xususiy sektorda ishlashni tanlagan yoshlar uchun kasb o‘rganish va sertifikat olish xarajatlari ham davlat hisobidan qoplanadi.
Yig‘ilishda muhandislik-texnika, kiberxavfsizlik va axborot xurujlariga qarshi kurashish yo‘nalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash muhimligi qayd etildi. Shu bois joylarda harbiy texnoparklar tashkil etish va harbiy-ilmiy bazani mustahkamlash vazifasi belgilandi.
Joriy yilda barcha harbiy qism va muassasalar 1 million nusxadagi badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, harbiylar o‘rtasida Oliy Bosh Qo‘mondon sovrini uchun kitobxonlik tanlovi yo‘lga qo‘yiladi. Tanlov g‘oliblari va sovrindorlarining muddatli harbiy xizmati bir oyga qisqartiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-apreldan Mudofaa ofitserlari ustamalari ikki baravarga oshirilishi haqida yozgandi.