Nyu-Yorkda 15 mingga yaqin hamshira ish tashladi

Nyu-York shahridagi Mount Sinai, Montefiore va NewYork-Presbyterian shifoxonalarida 15 mingga yaqin hamshira ish tashlashladi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Nyu-York shtati hamshiralar uyushmasi bayonotiga ko‘ra, oylar davomida olib borilgan muzokaralarga qaramay, rahbariyat xavfsiz shtat jadvali, tibbiy imtiyozlar va ish joyidagi zo‘ravonlikdan himoya qilish kabi asosiy masalalarda ijobiy o‘zgarish qilishdan bosh tortgan.

«Nyu-Yorkdagi eng boy shifoxonalar rahbariyati hamshiralarning tibbiy imtiyozlarini bekor qilish yoki keskin qisqartirish bilan tahdid qilmoqda», — deyiladi uyushma xabarida.
Ushbu shifoxonalar notijorat maqomiga ega bo‘lishiga qaramay, 2024-yilda katta miqdorda sof daromad ko‘rgan. Xususan, NewYork-Presbyterian $547 mln, Montefiore $288,6 mln va Mount Sinai $114 mln daromad qilgan. Hamshiralar talablari orasida shifoxona kirish joylariga metall detektorlari o‘rnatish masalasi ham bor, chunki noyabr oyida va o‘tgan hafta shifoxonalarda otishma holatlari kuzatilgan edi.
«Hech bir nyu-yorklik tibbiy yordamdan mahrum bo‘lishdan qo‘rqmasligi kerak va hech bir hamshiradan hayotni saqlab qolishdek mehnati uchun kamroq maosh yoki imtiyozlarga rozi bo‘lish so‘ralmasligi lozim», — dedi Nyu-Yorkning meri Zorhan Mamdani.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nyu-York meri Maduroning qo‘lga olinishini urush harakati deb baholagani haqida xabar bergan edi.