Gadjetlar

Oppo A6s 5G smartfoni taqdim etildi

Model endi kuchliroq Dimensity 6300 platformasiga ega bo‘ldi
Foto: Oppo

Oppo yangi Oppo A6s 5G smartfonini rasman namoyish qildi. Bu haqda GSMArena nashri xabar bermoqda.

Model endi kuchliroq Dimensity 6300 platformasiga ega bo‘ldi. Yangi smartfonning asosiy ustunliklari o‘zgarishsiz qoldi. Qurilma 7000 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan. 80 Vt quvvatda tezkor zaryadlash qo‘llab-quvvatlanadi. Shuningdek, smartfon yuqori darajadagi suv va changdan himoya IP69 sertifikatiga ega.

Shu bilan birga, A6s 5G tejamkor segmentga yo‘naltirilgan. Qurilma 6,8 dyuymli HD+ ekran bilan jihozlangan. Yangilanish chastotasi 120 Hz, ammo aniqlik yuqori emas. Asosiy xotira varianti 6/128 GB bilan cheklangan.

Foto: Oppo

Kamera qismi ham soddalashtirilgan. Smartfonda atigi bitta to‘liq funksional 50 megapikselli asosiy kamera mavjud. Qo‘shimcha modullar yo‘q.

A6s 5G’ning qalinligi 8,6 mm, og‘irligi esa 216 grammni tashkil etadi. Kompaniya hozircha rasmiy narxni e’lon qilmagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Oppo Reno 15 5G Starry Pink versiyasi taqdim etilgani haqida yozgan edi.