“O‘zbekneftgaz”da gaz qazib chiqarish hajmi oshiriladi

eʼlon qilindi
Sohada geologiya-qidiruv ishlari kuchaytiriladi
«O‘zbekneftgaz»da gaz qazib chiqarish hajmi oshiriladi/ Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati faoliyatining istiqboldagi vazifalari va rejalari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Uchrashuvda energetik xavfsizlikni ta’minlash hamda iqtisodiyot tarmoqlariga energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish masalalari mamlakat taraqqiyotining muhim omili ekani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan gaz sohasida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va geologiya-qidiruv ishlarini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Taqdimotda «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati oldidagi asosiy vazifa tabiiy gaz zaxiralarini ko‘paytirish va qazib chiqarish hajmlarini oshirish ekani bildirildi. Xususan, kompaniya kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 66 mln kub metrdan 70 mln kub metrga yetkazishi, joriy yilda kamida 25,4 mlrd kub metr gaz qazib chiqarishni ta’minlashi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar muhokama qilinib, gaz zaxiralarini oshirish maqsadida yangi istiqbolli investitsiya bloklarini shakllantirish, investorlarga berilgan ayrim maydonlarda ishlarni jadallashtirish va ularning samaradorligini oshirish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, nafta ishlab chiqarish hozirda mavjud quvvatning 70 foizida amalga oshirilayotgani va mahsulotning 50 foiz arzon narxlarda eksport qilinayotgani ma’lum qilindi. Naftani chuqur qayta ishlash orqali polimer mahsulotlari ishlab chiqarish qo‘shilgan qiymatni 6 barobar oshirish imkonini berishi inobatga olinib, mavjud quvvatlardan to‘liq foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda «O‘zbekneftgaz»ning moliyaviy holatini yaxshilash, shuningdek, neft-gaz sohasida o‘g‘rilik va korrupsiya holatlariga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Korrupsion xavflarning oldini olish maqsadida jamiyat tuzilmasida raisning alohida o‘rinbosari lavozimi joriy etilib, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati tashkil etilgani qayd etildi. Tizimdagi noqonuniy holatlarni tezkor aniqlash va oldini olish bo‘yicha samarali mexanizm yaratish vazifasi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq neft narxi 2026-yilda pasayishi prognoz qilingani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek