Yangiliklar

Pirotexnika buyumlarining ayrim toifalarini ishlab chiqarish taqiqlandi

Qonun uch oy o‘tgach kuchga kiradi
O‘zbekistonda pirotexnika vositalari uchun jarimalar 10 million so‘mgacha oshiriladi
Pirotexnika buyumlarining ayrim toifalarini ishlab chiqarish taqiqlandi / Foto: Ochiq manba

Endilikda faqat xavflilik darajasi I sinfga kiruvchi pirotexnika buyumlarini ishlab chiqarish, olib kirish va ishlatish ruxsat etiladi, II–V sinflar esa taqiqlandi. Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «Pirotexnika buyumlarining muomalasi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, pirotexnik tarkibning yonishi yoki portlashi natijasida optik, akustik, elektr va boshqa vizual effektlarni hosil qilishga mo‘ljallangan qurilmalar pirotexnika buyumlari hisoblanadi.

Qonunda pirotexnika buyumlari xavflilik zonasi va atrof-muhitga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar darajasiga qarab xavflilikning I–V sinflariga ajratilishi belgilangan. Unga muvofiq, O‘zbekistonda xavflilikning I sinfiga kiruvchi pirotexnika buyumlarini jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarish, tayyorlash, mamlakat hududiga olib kirish, tashish, o‘tkazish, sotib olish, saqlash hamda ulardan foydalanishga ruxsat etiladi.

Shu bilan birga, xavflilikning II–V sinflariga mansub pirotexnika buyumlarini ishlab chiqarish, tayyorlash, O‘zbekiston hududiga olib kirish, tashish, jo‘natish, o‘tkazish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanish taqiqlanadi.

Pirotexnika buyumlarining muomalasi ustidan davlat nazorati O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, ichki ishlar va bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ohangaronda 62,5 mln so‘mlik pirotexnika buyumlari fosh etilgan edi.