
Tojikistonning Pomir tog‘laridagi baland Kon-Chukurboshi muzliklarida taxminan 5810 metr balandlikdagi muzlik kengayib borayotgani aniqlandi. Bu haqda Popular Mechanics xabar berdi.
Tadqiqot doirasida olimlar muz qoplamidan har biri 100 metr uzunlikdagi ikkita muz yadrosini ajratib oldi. Bir namuna uzoq muddatli iqlim ma’lumotlarini saqlash uchun Antarktidadagi Ice Memory Foundation yerosti omboriga, ikkinchisi esa Yaponiyadagi Xokkaydo universitetining past harorat tadqiqotlari institutiga yuborildi, u yerda professor Yoshinori Iizuka muzlikning g‘ayrioddiy chidamliligini tushunish uchun uni tahlil qiladi.
Kon-Chukurboshi muzliklari Tojikiston sharqidagi Pomir togʻlarining Sarikol tizmasida, Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatida, Xitoy bilan davlat chegarasi yaqinida joylashgan.
Dengiz sathidan 5811 metr balandlikdagi Kon-Chukurboshi nomli cho‘qqining yonbag‘irlarida muz qatlami hosil bo‘lgan. Bu mintaqa baland plato bo‘lib, u yerda yakka tog‘ tizmalari, qattiq kontinental iqlim va odamlarning kamligi kuzatiladi. Uzoqligi va ekstremal sharoitlari tufayli muzliklarga borish, asosan, ilmiy ekspeditsiyalar bilan cheklangan.
Avvalroq «Kursiv» muzliklar Markaziy Osiyo suv xavfsizligida muhim o‘rin tutishi haqida yozgandi.