Prezident jangovar va maxsus tayyorgarlik mashg‘ulotlarini yuqori baholadi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi Maxsus operatsiyalar kuchlari poligonida bo‘ldi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Maxsus operatsiyalar kuchlarining yangi poligoni shaxsiy tarkibni samarali tayyorlash va qo‘shinlarni tayyorlashning ilg‘or usullarini joriy etish maqsadida tashkil etilgan. Poligon obyektlarida jangovar ko‘nikmalarni takomillashtirish va ma’naviy-ruhiy barqarorlikni oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Prezident poligondagi mashg‘ulotlarni kuzatdi. Mashg‘ulotlar davomida turli qo‘shinlarga mansub bo‘linmalarning jangovar imkoniyatlari, ularning birgalikdagi harakatlari hamda qo‘shinlar va qurol-yarog‘ni boshqarishning yangi raqamli tizimlari namoyish etildi.
Shuningdek, turli jangovar operatsiyalarni o‘tkazishda uchuvchisiz uchish apparatlari, artilleriya, aviatsiya, havo hujumidan mudofaa va quruqlikdagi qo‘shinlarning birgalikdagi harakatlari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Kichik komandirlarning zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalari va harbiy xizmatchilarning jangovar vaziyatda qurol-yarog‘ va texnikani samarali qo‘llash mahorati baholandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chirchiqda Airbus vertolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatish markazi ishga tushirilgani haqida yozgan edik.





