Yangiliklar

Propan narxi bo‘yicha 92 ta importchi korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atildi

Birja savdolarida o‘rtacha narxlar 9,3 mln so‘mdan 7,8 mln so‘mgacha, ya’ni 18 foizga pasaygan
Propan narxi bo‘yicha 92 ta importchi korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atildi
Propan narxi bo‘yicha 92 ta importchi korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atildi / Foto: ijtimoiy tarmoq

Propan narxi bo‘yicha 92 ta importchi korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Raqobat qo‘mitasi propan narxlarini barqarorlashtirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida birja savdolarida o‘rtacha narxlar 9,3 mln so‘mdan 7,8 mln so‘mgacha, ya’ni 18 foizga pasayganini bildirdi.

Unga ko‘ra, 2025-yil noyabr – dekabr oylarida hamda joriy yilning yanvarida propan bo‘yicha birja savdolarida boshlang‘ich narxlarni asossiz oshirish va mahsulot hajmlarini ataylab savdoga chiqarmaslik holatlari aniqlangan. Ushbu raqobatga zid keluvchi kelishilgan harakatlar yuzasidan 92 ta import qiluvchi korxonaga nisbatan belgilangan tartibda monopoliyaga qarshi ish qo‘zg‘atildi.

Mazkur korxonalardan beshtasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, yettitasi Andijon, uchtasi Buxoro, 13 tasi Farg‘ona, to‘rttasi Namangan, beshtasi Qashqadaryo, 17 tasi Samarqand, to‘rttasi Sirdaryo, 21 tasi Toshkent shahri, bittasi Toshkent viloyati va 12 tasi Xorazm viloyatlarida faoliyat yuritadi.

Shuningdek, qo‘mita chakana savdoda narxlarning asossiz oshib ketmasligi uchun yoqilg‘i quyish shoxobchalarida doimiy monitoring olib borilayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati faoliyatining istiqboldagi vazifalari va rejalari bo‘yicha taqdimot bilan tanishgandi. Xususan, kompaniya kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 66 mln kub metrdan 70 mln kub metrga yetkazishi, joriy yilda kamida 25,4 mlrd kub metr gaz qazib chiqarishni ta’minlashi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.