
Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida jamoat transporti tizimi yangi 43 dona avtobus bilan boyitildi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, viloyatda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi «Sharofiddin-Nurillo», «Beshkent Qarshi Trans Servis» va «DilSamo-Nur» korxonalari tomonidan 37 dona Yutong rusumli avtobus, «Bazarcha» korxonasi tomonidan esa 6 dona Aziastar rusumli avtobuslar xarid qilindi.
Mazkur avtobuslar Qarshi shahrining transport Bosh rejasiga muvofiq belgilangan 4 ta yo‘nalishga joylashtirilmoqda. Natijada shaharda brutto-shartnoma tizimida faoliyat yuritayotgan avtobus yo‘nalishlari soni 12 taga, ushbu yo‘nalishlarda harakatlanayotgan avtobuslar soni esa 139 taga yetdi.
Ma’lumot uchun, yangi avtobuslar bir sutkada 150 ming nafarga yaqin viloyat aholisiga sifatli jamoat transporti xizmati ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Shuningdek, joriy yilda Xitoyda ishlab chiqarilgan yana 100 dona zamonaviy avtobus xarid qilish va ularni 9 ta brutto-shartnoma yo‘nalishlariga joylashtirish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Guliston jamoat transporti 52 ta zamonaviy avtobus bilan boyitilgan edi.