Qirg‘izistonda saylovda qatnashmaganlar jazolanishi mumkin

eʼlon qilindi
Jazolar uch bosqichli bo‘ladi
Foto: Anadolu

Qirg‘izistonda saylovlarda ishtirok etmagan fuqarolarni jazolash bo‘yicha qonun loyihasi taklif qilindi. Loyiha deputat Marlen Mamataliyev tomonidan taklif qilingan.

Unga ko‘ra, jazolar uch bosqichli bo‘ladi. Birinchi marta saylovga kelmagan fuqaro Markaziy saylov komissiyasi tomonidan rasmiy ogohlantirish oladi. Ikkinchi marta kelmaganlar jarimaga tortiladi, ammo jarima miqdori hozircha aniq belgilanmagan. Uchinchi marta qatnashmagan shaxslarga besh yilgacha davlat xizmatida ishlash va saylovlarda nomzod bo‘lish taqiqlanadi.

Shu bilan birga, faol saylovchilar uchun rag‘batlantirishlar ham ko‘zda tutilgan. Saylov kuni lotereya o‘tkazilishi mumkin. Davlat xizmatlari uchun ayrim imtiyozlar va kadrlar zaxirasiga qabul qilishda qo‘shimcha ball berish rejalashtirilgan.

Biroq ayrim toifadagi fuqarolar jazodan ozod etiladi. Ularga 70 yoshdan oshganlar, saylov kuni chet elda bo‘lganlar, muomalaga layoqatsiz va og‘ir kasallar, shuningdek, xizmatda bo‘lgan harbiylar va militsiya xodimlari kiradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Gruziya chet eldagi fuqarolariga saylovda ovoz berishni taqiqlagani haqida yozgan edi.

Shuningdek