Samsung Galaxy S26 seriyasi ommaviy ishlab chiqarilishni boshladi

13-yanvar 2026 15:00 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Stuff

Samsung Galaxy S26 smartfonlari seriyasini ommaviy ishlab chiqarishga tayyorgarlikni yakunladi. Galaxy S26 Edge modeli rejalarga kiritilmagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy S26 Plus texnik jihatdan deyarli Galaxy S25 Plus bilan bir xil bo‘ladi. Samsung ushbu model uchun yangi OLED ekran ishlatish variantini ko‘rib chiqqan, biroq oxir-oqibat undan voz kechgan. O‘zgarishlar faqat himoya oynasi va yig‘uv qismlariga taalluqli, displey matritsasi o‘zgarmaydi.

Galaxy S26 va S26 Plus’ning yakuniy yig‘ilishi ayni oyda boshlanadi. Galaxy S26 Ultra esa boshqalardan oldin ommaviy ishlab chiqarishga kiritilgan va hozir maksimal hajmga chiqmoqda.

Foto: Notebookcheck

Samsung kompaniyasining yanvar oyidagi ishlab chiqarish rejasi quyidagicha: Galaxy S26 — 700 ming dona, Galaxy S26 Plus — 600 ming dona, Galaxy S26 Ultra — 3,6 mln dona. Kompaniya asosiy e’tiborni eng daromadli va talab yuqori bo‘lgan Ultra modeliga qaratmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S26 smartfonlari 11-martdan sotuvga chiqishi haqida yozgan edi.

Fransiyaning Dealabs nashri ma’lumotiga ko‘ra, bu sana AQShda 25-fevral kuni bo‘lib o‘tadigan rasmiy taqdimotdan ikki hafta o‘tib belgilangan.

Galaxy S26 liniyasiga an’anaviy tarzda uchta model kiradi. Bular oddiy Galaxy S26, kattaroq ekranli Galaxy S26 Plus va eng kuchli Galaxy S26 Ultra hisoblanadi.

Eng ko‘p muhokama qilinayotgan masalalardan biri narxlar bilan bog‘liq. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Janubiy Koreyada narxlar oshishi mumkin. Biroq bu o‘sish Yevropa bozoriga ham ta’sir qiladimi, hozircha noma’lum. Yevropa uchun aniq narxlar va xotira konfiguratsiyalari hozircha e’lon qilinmagan.

Shuningdek