Avto

Volvo butun dunyo bo‘ylab avtomobillarini chaqirib olmoqda

Bu choralar yong‘in xavfini kamaytirish uchun vaqtinchalik joriy etilgan
Foto: Volvo

Volvo butun dunyo bo‘ylab avtomobillarini chaqirib olmoqda. Gap Xitoyning Sunwoda Electronic kompaniyasi yetkazib bergan batareyalar haqida ketmoqda. Bu jarayon Geely Holding Group’ning Sunwoda’ga qarshi yirik sud da’vosidan so‘ng boshlandi.

Avtomobil OAVlari xabariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada 10 440 dona Volvo EX30 modeli xavf ostida qolgan. Umuman olganda, Sunwoda batareyalari bilan ishlab chiqarilgan 33 777 ta EX30 aniqlangan. Hisobotlarga ko‘ra, akkumulyator elementlarining taxminan 0,02 foizi qizib ketish ehtimoliga ega.

Vaziyat 2025-yil noyabr oyida Braziliyaning Maseyo shahrida dilerlik markazida Volvo EX30 yonib ketganidan keyin yanada jiddiylashdi. Avtomobil to‘liq yonib ketgan. Yong‘inni o‘chirishga 11 nafar o‘t o‘chiruvchi va to‘rtta maxsus texnika jalb qilingan.

Foto: FVN

Shundan so‘ng Volvo Buyuk Britaniya, AQSh, Avstraliya va Janubiy Afrika bozorlarida mijozlarga ogohlantirish yubordi. Kompaniya egalarga avtomobilni 70 foizdan yuqori quvvatlamaslikni tavsiya qildi. Bu choralar yong‘in xavfini kamaytirish uchun vaqtinchalik joriy etilgan.

Janubiy Afrikada allaqachon 372 ta Volvo EX30 rasmiy ravishda chaqirib olindi. Gap 2024–2026-yillarda ishlab chiqarilgan, bitta va ikkita motorli versiyalar haqida bormoqda. Rasmiylarga ko‘ra, muammo yuqori quvvatlashda qizib ketish va yong‘in xavfiga olib kelishi mumkin.

2025-yil 26-dekabr kuni Geely’ga qarashli Viridi E-Mobility Technology Sunwoda’ga qarshi 2,31 mlrd yuan miqdorida da’vo arizasi berdi. Da’vo 2021–2023-yillarda yetkazib berilgan batareyalardagi sifat nuqsonlari bilan bog‘liq.

Avvalroq Sunwoda batareyalari o‘rnatilgan Zeekr 001 egalari ham muammolardan shikoyat qilgan edi. Zeekr kompaniyasi hatto bepul tekshiruv va akkumulyator almashtirish kampaniyasini boshlashga majbur bo‘lgan.

Xavfsizlik bilan mashhur bo‘lgan Volvo uchun ushbu holat brend obro‘siga jiddiy bosim bo‘lmoqda. 70 foizgacha quvvatlash cheklovi avtomobil yurish masofasini qisqartirdi va ko‘plab mijozlar noroziligiga sabab bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Volvo 14 tonnalik elektr yuk mashinasini taqdim etgani haqida yozgan edi.