Xabi Alonso «Real Madrid»ni tark etdi

13-yanvar 2026 09:42 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: The New York Times

Ispaniya Superkubogidagi mag‘lubiyatdan so‘ng Xabi Alonso «Real Madrid» bosh murabbiyi lavozimini o‘zaro kelishuvga ko‘ra tark etdi.

Bu qaror yakshanba kuni Ispaniya Superkubogi finalida «Barselona»dan uchralgan 3:2 hisobidagi mag‘lubiyat ortidan dushanba oqshomida e’lon qilindi. Uning o‘rnini qisqa muddatga Alvaro Arbeloa egallaydi.

Alonso klubda atigi yetti oy ishladi. Uning 2028-yilgacha mo‘ljallangan shartnomasi noyabr oyida Chempionlar ligasida «Liverpul»dan uchralgan mag‘lubiyat va La Ligada peshqadamdan 4 ochko ortda qolish sababli xavf ostida qolgan edi. Klub natijalari qisman yaxshilanganiga qaramay, o‘yin sifati rahbariyatni qoniqtirmadi va Saudiya Arabistonining Jidda shahrida o‘tgan final hal qiluvchi nuqta bo‘ldi.

Mavsum davomida «Real» «Pari Sen-Jermen»ga 0:4 hisobida mag‘lub bo‘lib, klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati yarim finalda musobaqadan chiqib ketgan edi. Murabbiy va Vinisius Junior bilan yuzaga kelgan vaziyat ham ichki muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Alonso boshqaruvidagi 34 o‘yinda jamoa jami olti marta mag‘lubiyatga uchradi.

Foto: Real Madrid

Yangi murabbiy Alvaro Arbeloa 2020-yildan beri klub tizimida ishlab kelmoqda. U «Real Madrid» va «Liverpul»da Alonsoning jamoadoshi bo‘lgan va 2010-yilgi Jahon chempionatida Ispaniya terma jamoasi safida g‘olib chiqqan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Barselona» finalda «Real»ni mag‘lub etib, Ispaniya Superkubogini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek