Avto

Xitoy va YI elektromobillar narxi bo‘yicha kelishuvga erishdi

Tomonlar xitoylik BEV eksportchilarga umumiy yo‘riqnoma berish zarurligini tan oldi
Foto: Wired

Xitoy va YI Xitoyda ishlab chiqarilgan elektr avtomobillarni Yevropaga eksport qilish bo‘yicha narx majburiyatlari yuzasidan kelishuvga keldi. Tomonlar xitoylik BEV eksportchilarga umumiy yo‘riqnoma berish zarurligini tan oldi.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi 2024-yilda Xitoy elektromobillariga davlat subsidiyalari sabab tekshiruv boshlagan edi. Natijada 10 foizlik standart boj ustiga 35,3 foizgacha qo‘shimcha tariflar joriy qilingan. Xitoy bu qarorga rozi bo‘lmagan.

2026-yil yanvarda Xitoy Savdo vazirligi Xitoy – YI muzokaralari borasida rasmiy bayonot e’lon qildi. Unda tomonlar o‘zaro hurmat asosida kelishuvga erishgani ta’kidlandi.

Kelishuvga ko‘ra, YI Xitoy kompaniyalari taqdim etadigan narx majburiyatlarini ko‘rib chiqish uchun maxsus yo‘riqnoma chiqaradi. Baholash jarayoni kamsitishsiz, xolis va JST qoidalariga mos tarzda olib boriladi.

Hozircha 35,3 foizgacha bo‘lgan subsidiyaga qarshi tariflar butunlay bekor qilinadimi yoki yo‘qmi noma’lum. Biroq Xitoy Mashina va elektronika mahsulotlari eksport-import savdo palatasi Yevrokomissiya arizalarni obyektiv ko‘rib chiqishga va’da berganini ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi tizimda tariflar o‘rnini narx majburiyatlari bosishi mumkin. YI har bir xitoylik elektromobil ishlab chiqaruvchi uchun minimal import narxini belgilaydi. Mutaxassislar bu kelishuvni mojaroni yumshoq hal qilish, deb baholamoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 2025-yilning eng yaxshi elektromobillari haqida yozgan edi.