Avto

Yangi Damas 3: model haqida batafsil ma’lumot

Modelda orqa yukxona hajmi sezilarli oshgan
Yangi Damas 3: model haqida batafsil ma’lumot
Foto: Videodan tasvir / fototahrir: «Kursiv»

O‘zbekistonda sotuvga tayyorlanayotgan yangi Damas 3 You Tube’dagi Sherxon Nusratulloyev nomli avtobloger tomonidan real sharoitda sinovdan o‘tkazildi. Avtomobil tashqi ko‘rinishi, salon hajmi, texnik qismi va qulayligi bo‘yicha avvalgi Damasdan sezilarli darajada farq qiladi.

Maqolada quyidagilar haqida so‘z boradi:

Tashqi ko‘rinish va o‘lchamlar;

Dvigatel va texnika;

Salon va qulaylik;

Yukxona va narx.

Tashqi ko‘rinish va o‘lchamlar

Yangi Damas korpusi ancha kattalashgan. Eski model uzunligi 3495 mm bo‘lgan bo‘lsa, yangi versiyada bu ko‘rsatkich 4425 mmga yetgan. Ya’ni avtomobil qariyb 40 sm dan ko‘proq uzaygan. Bu, ayniqsa, salon va yukxona hajmida yaqqol seziladi. Old qism butunlay yangilangan, fara dizayni zamonaviylashgan va galogen yoritish real haydashda yetarli ekanini ko‘rsatgan. Tumanka chiroqlari bazaviy komplektatsiyada yo‘q.

Foto: Videodan ekran tasviri

Dvigatel va texnika

Avtomobil injektorli benzin dvigatel bilan jihozlangan. 1.2 litrli atmosferali motor 81 ot kuchiga ega. Shuningdek, 1.5 litrli, 103–105 ot kuchli versiya ham ko‘zda tutilgan. Uzatmalar qutisi bazada 5 pog‘onali mexanika, ayrim komplektatsiyalarda 6 pog‘onali mexanika bo‘ladi. Eng muhim yangiliklardan biri shuki, hatto eng oddiy pozitsiyada ham ABS tizimi mavjud. Rul boshqaruvi elektr kuchaytirgichli bo‘lib, oldingi Damas’larga nisbatan ancha yengil ishlaydi.

Foto: Videodan ekran tasviri
Foto: Videodan ekran tasviri

Shassi va yurish qismi

Old osma McPherson, orqa qismi esa ressorli, amortizator bilan jihozlangan. Bloger real haydashda avtomobil yumshoq yurishini qayd etgan. G‘ildiraklar R14 o‘lchamda, Linglong shinalari bilan chiqadi. Orqa zapaska pastki qismda joylashgan.

Salon va qulaylik

Foto: Videodan ekran tasviri

Salon materiali ko‘pchilikka Cobalt’ni eslatadi. O‘rindiqlar yumshoq, rangi ochroq bo‘lib, uzoq yo‘lda charchatmaydi. Rul va old panelda xavfsizlik yostiqchalari bor. Magnitola Bluetooth orqali ishlaydi, mikrofon mavjud, ammo fleshka qo‘llab-quvvatlanmaydi. Isitish tizimi juda samarali ekani alohida ta’kidlandi. Konditsioner mavjud, ammo test qilinmagan.

Foto: Videodan ekran tasviri

«Ichki qismi xuddi Cobalt’ning materialidan, oddiy versiyaning kaliti biroz farq qilsa-da, boshqa komplektatsiyalarining kaliti xuddi Cobalt kalitiga o‘xshaydi», — deydi bloger.

Old oynalar mexanik, LV1 pozitsiyadan boshlab oldi elektr oynaga o‘tadi. Orqa oynalar mexanikligicha qoladi. Salon asosan qattiq plastikdan yig‘ilgan, ammo ergonomik joylashuv qulay.

DAMAS - 3 | ENG ARZON PAZITSIYASI | TO’LIQ ABZOR | 139 675 000 SO’M

Ikkinchi va uchinchi qator

Ikkinchi qatorda joy yetarli. Oyna to‘liq pastga tushadi. Uchinchi qatorda ham joy ancha keng. Bloger bo‘yi 185 sm bo‘lishiga qaramay, uchinchi qatorda bemalol o‘tirgan. Eski Damas bilan solishtirganda bu katta yutuq hisoblanadi. Orqa qismda havo aylanishi uchun kichik ochiladigan eshikcha ham bor.

Foto: Videodan ekran tasviri

Yukxona va narx

Orqa yukxona hajmi sezilarli oshgan. Uchinchi qator yig‘ilganda joy yanada kengayadi. Yuk ko‘tarish qobiliyati 650 kg gacha yetadi. Yonilg‘i baki hajmi 45 litr.

Bloger ko‘rgan avtomobil Passenger pozitsiyasi bo‘lib, narxi 139 mln 675 ming so‘m etib aytildi.

Narxlar:

Model nomiKuzov turiDvigatelKomplektatsiyaNarx
DAMAS MAXVan1.2LV0134 439 000 so‘m
DAMAS MAXVan1.5LV0142 471 000 so‘m
DAMAS MOVEPassenger1.2LV0139 675 000 so‘m
DAMAS MOVEPassenger1.2LV1144 563 000 so‘m
DAMAS MOVEPassenger1.5LV0149 011 000 so‘m
DAMAS MOVEPassenger1.5LV1154 128 000 so‘m

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Yangi Damas haqida qiziqarli 5 ta ma’lumotni yozgan edi.