Yangiliklar

1434 ta ko‘p qavatli uy-joy ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilgani aniqlandi

115 ta noqonuniy bino belgilangan tartibda buzdirilgan
Toshkentda oltita qurilish obyektiga suv purkagichlar o‘rnatildi
Foto: Pexels.com

O‘zbekistonda oxirgi to‘qqiz yil davomida 1434 ta ko‘p qavatli uy-joy davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan qurilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuror o‘rinbosari Dilmurod Qosimov Qonunchilik palatasi majlisida qurilish sohasida nazoratni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamasi vaqtida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2017 – 2024-yillarda qurilgan 8974 ta uy-joy, 2025-yilda qurilishi rejalashtirilgan 2559 ta obyekt hamda foydalanishga topshirilgan 301 ta ko‘p qavatli bino, umumiy hisobda 11 ming 834 ta ko‘p qavatli uy-joyning zilzilabardoshligi xatlovdan o‘tkazilgan. Xatlov jarayonida aniqlanishicha, 1434 ta ko‘p qavatli uy-joy ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilgan, 185 ta holatda esa noqonuniy ravishda ortiqcha qavat qo‘shilgan.

Shuningdek, 2025-yil 1-iyuldan o‘zboshimchalik bilan qurilgan binolarni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘xtatilgan. Shunga qaramay, noqonuniy qurilishlar soni yana 213 taga ko‘paygan.

Vizual o‘rganishlar natijasida 1346 ta ko‘p qavatli uy-joyni instrumental texnik tekshiruvdan o‘tkazish zarurligi aniqlangan. Shundan 778 ta obyekt to‘liq tekshirilgan, 568 tasida esa ishlar olib borilmoqda. Tekshiruvlar jarayonida 142 ta ko‘p qavatli uy-joyni mustahkamlash talab etilishi, bitta bino esa seysmik jihatdan yaroqsizligi ma’lum bo‘lgan.

Qoidabuzarliklar uchun 85 ta loyiha tashkilotiga nisbatan chora ko‘rish bo‘yicha taqdimnoma kiritilgan bo‘lsa, ulardan 8 tasining litsenziyasi bekor qilingan. Bundan tashqari, 115 ta noqonuniy bino belgilangan tartibda buzdirilgan, 98 tasi bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq «Kursiv» noqonuniy qurilish jarayonida ommaviy tekshiruvlar uy-joy bozoriga qanday ta’sir etishi va xaridorlar nima qilishi kerakligi haqida yozgandi.