Lifestyle

Sayohat erkinligi bo‘yicha eng kuchli pasportlar reytingi e’lon qilindi

Singapur fuqarolari dunyoning 192 ta davlatiga vizasiz sayohat qilishlari mumkin
Foto: reachimmigration.com

2026-yilgi sayohat qilish bo‘yicha e’lon qilingan xalqaro reytingda Singapur birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu davlat pasporti egalari 192 ta mamlakatga vizasiz yoki soddalashtirilgan tartibda kira oladi.

2. Yaponiya va Janubiy Koreya

Foto: 18-35 Travel

Reytingning ikkinchi o‘rnini Osiyo mintaqasining ikki yirik vakili Yaponiya va Janubiy Koreya bo‘lishib turibdi. Mazkur davlatlar pasportlari egalari uchun 188 ta yo‘nalish bo‘yicha chegaralar ochiq hisoblanadi. Bu mamlakatlar texnologik va iqtisodiy taraqqiyot bilan bir qatorda, tashqi siyosatda ham vizasiz rejimlarni kengaytirishga katta e’tibor qaratib kelmoqda.

3. Daniya, Lyuksemburg, Ispaniya, Shvetsiya va Shveysariya

Foto: Country walkers

Kuchli uchlikni Yevropa qit’asining bir guruh davlatlari yakunlab beradi. Daniya, Lyuksemburg, Ispaniya, Shvetsiya va Shveysariya fuqarolari 186 ta davlatga erkin kirish huquqiga ega bo‘lib, bu ularning uchinchi o‘rinni egallashini ta’minladi.

4. Avstriya, Belgiya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Gretsiya, Irlandiya, Italiya, Niderlandiya va Norvegiya

Foto: Amazon.com

To‘rtinchi pog‘onadan Yevropaning ko‘p sonli davlatlari joy olgan bo‘lib, ular qatoriga Avstriya, Belgiya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Gretsiya, Irlandiya, Italiya, Niderlandiya va Norvegiya kiradi. Ushbu o‘nta davlat pasporti bilan 185 ta manzilga to‘siqlarsiz borish mumkin. Bu ko‘rsatkich YIning yetakchi iqtisodiyotlari pasport indeksi bo‘yicha hamon dunyodagi eng nufuzli hujjatlar qatorida ekanini ko‘rsatadi.

5. Vengriya, Portugaliya, Slovakiya, Sloveniya va BAA

Foto: Context Travel

Beshinchi o‘rinda Yevropa davlatlari bilan bir qatorda Yaqin Sharq vakili ham joylashganligi e’tiborga molik. Vengriya, Portugaliya, Slovakiya va Sloveniya kabi Yevropa davlatlari hamda Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari 184 ta mamlakatga vizasiz sayohat qila oladilar.

6. Xorvatiya, Chexiya, Estoniya, Malta, Polsha va Yangi Zelandiya

Foto: Flightgift

Navbatdagi o‘rinni asosan Sharqiy va Markaziy Yevropa davlatlari hamda Okeaniya mintaqasi vakili band etgan. Xorvatiya, Chexiya, Estoniya, Malta va Polsha, shuningdek, Yangi Zelandiya pasportlari o‘z egalariga 183 ta yo‘nalish bo‘yicha erkin harakatlanish imkonini beradi. Bu davlatlarning xalqaro integratsiyasi va turizm sohasidagi ochiqlik siyosati ularning pasport kuchini yildan-yilga mustahkamlab, dunyo bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

7. Avstraliya, Latviya, Lixtenshteyn va Buyuk Britaniya

Foto: Expedia

Reytingning yettinchi pog‘onasidan joy olgan Avstraliya, Latviya, Lixtenshteyn va Buyuk Britaniya fuqarolari 182 ta davlatga vizasiz kirishlari mumkin. Garchi Buyuk Britaniya avvalgi yillarda ro‘yxatning eng yuqori qismida turgan bo‘lsa-da, hozirgi kunda ham uning pasporti dunyodagi eng kuchli hujjatlardan biri hisoblanadi.

8. Kanada, Islandiya va Litva

Foto: Iceland Travel

Shimoliy Amerika va Boltiqbo‘yi mintaqasi vakillari sakkizinchi o‘rinda joylashgan bo‘lib, bular: Kanada, Islandiya va Litva davlatlaridir. Ushbu mamlakatlar pasportiga ega bo‘lgan sayohatchilar uchun dunyoning 181 ta eshigi ochiq. Iqtisodiy barqarorlik va tinchliksevar tashqi siyosat ushbu davlatlar fuqarolariga global miqyosda yuqori darajadagi erkinlikni taqdim qilishda davom etmoqda.

9. Malayziya

Foto: Oona Incurance

To‘qqizinchi o‘rinni Janubi-Sharqiy Osiyoning rivojlanayotgan davlati Malayziya egallab turibdi. Malayziya pasporti bilan 180 ta davlatga vizasiz borish mumkinligi uni mintaqadagi va umuman Islom dunyosidagi eng kuchli pasportlardan biriga aylantiradi.

10. AQSh

Foto: New York

Kuchli o‘nlikni Amerika Qo‘shma Shtatlari yakunlab beradi. AQSh fuqarolari 179 ta davlatga viza rasmiylashtirmasdan yoki soddalashtirilgan tartibda kirish imkoniyatiga ega. Garchi AQSh pasporti o‘zining global ta’siri va ahamiyatini saqlab qolgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda boshqa davlatlarning, ayniqsa, Osiyo va Yevropa mamlakatlarining jadal o‘sishi hisobiga reytingda biroz pastroq pog‘onada joylashdi.

Avvalrroq Kursiv Uzbekistan xalqaro indeksda O‘zbekiston pasporti kuchsizlar qatorida qayd etilgani haqida xabar bergan edi.