Yangiliklar

Alisher Qodirov maktabni tugatganlarni 1,5 yillik armiyaga yuborishni taklif qildi

U chaqiruvga tayyorlash fani mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish kerakligini ham aytdi
Alisher Qodirov
Foto: Alisher Qodirov Instagram sahifasi

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov maktabni tugatganlarni 1,5 yillik armiyaga yuborishni taklif qildi. Bu haqda u o‘z Telegram sahifasida yozdi.

U dunyo ayni paytda inqirozlar davriga kirayotgani, bu qancha davom etishi va qanday yakunlanishini taxmin qilib bo‘lmasligini yozgan. Qodirov bunday vaziyatda milliy taraqqiyot uchun yoshlarning nafaqat bilimli, hunarli va raqobatbardosh, balki jasur, intizomli, sog‘lom va harbiylardek fikrlay olishi ham zaruratga aylanayotganini ta’kidlagan.

Deputatning yozishicha, bundan buyon virtual, sun’iy va yuqori texnologiyalar nafaqat daromad ko‘rish, balki vatan sarhadlari va manfaatlarini himoya qilish uchun ham hayotiy ahamiyatga ega bo‘ladi.

Partiya raisi maktablardagi chaqiruvga tayyorlash fani mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish va maktabni tugatgan bolalarni (oliygohga kirganlar va sog‘lig‘ida muammosi bo‘lganlar mustasno) 1-1,5 yillik harbiy xizmatga jalb qilish tizimi haqida o‘ylab ko‘rish kerakligini urg‘ulagan.

«Bu faqat harbiy xizmat emas, yoshlarni hayotga, davr chaqiruvlariga tayyorlash tizimi sifatida ham o’zini oqlaydi», — deya yozadi u.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonning Mudofaa doktrinasi qayta ko‘rib chiqilishi haqida yozgandi.

Shuningdek, Mudofaa vazirligi ofitserlarining ko‘p yillik xizmat uchun ustamalari ikki baravar oshirilishi haqida xabar berilgandi.