Yangiliklar

AQSh Nvidia H200 chiplarini Xitoyga sotishga ruxsat berdi

Ayrim shartlar evaziga
AQSh Nvidia H200 chiplarini Xitoyga sotishga ruxsat berdi / Foto: Reuters

AQSh Tramp ma’muriyati Nvidia kompaniyasining ilg‘or sun’iy intellekt chiplarini Xitoyga sotishiga rasmiy ruxsat berdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Xitoyga yuboriladigan H200 chiplari oldin uchinchi tomon laboratoriyasi tomonidan texnik imkoniyatlari tekshiriladi va umumiy sotilgan miqdorning 50 foizdan oshmasligi lozim. Nvidia AQShda yetarli chip zaxirasiga ega ekanini tasdiqlashi, Xitoy mijozlari esa chiplardan harbiy maqsadlarda foydalanmasligini ko‘rsatishi shart.

Nvidia bosh direktori Jensen Huangning ma’lum qilishicha, kompaniya H200 chiplari ishlab chiqarishni oshirayotgan bo‘lib, kuchli talab tufayli chiplar narxi oshmoqda. Xitoy texnologiya kompaniyalari esa 2 mlndan ortiq H200 chiplari uchun buyurtma bergan. Bu Nvidia zaxirasidagi 700 ming chipdan ancha ko‘p.

Eksport cheklovlari Nvidia Xitoydagi savdosiga ayrim cheklovlar qo‘yadi, ammo ularni amalda bajarish qiyin bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, qoida Xitoyning sun’iy intellekt salohiyatini sezilarli darajada oshirishi mumkinligi aytilmoqda.

AQSh hukumati chiplar sotilishi bilan bog‘liq xavfsizlik choralarini nazorat qiladi va Xitoy mijozlari «yetarli xavfsizlik choralari»ni ta’minlashi shart.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nvidia Intel aksiyalarini 5 milliard dollarga sotib olgani haqida yozgan edik.