
OpenAI ish qidirishni soddalashtirish, rezyumeni yaxshilash uchun mo‘ljallangan virtual karyera yordamchisi — ChatGPT Jobs uchun yangi funksiyani sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda Hi-Tech Mail xabar berdi.
Nashrning yozishicha, sog‘liqni saqlash muammolariga bag‘ishlangan ChatGPT Health bo‘limi ishga tushirilgandan ko‘p o‘tmay, debyut qilingan ushbu funksiya ChatGPT’ni kundalik vazifalar uchun universal ilovaga aylantirishga qaratilgan yana bir urinishdir.
Jobs funksiyasi ChatGPT’dan shaxsiy karyera maslahatchisi sifatida foydalanish imkonini beradi. Uning yordamida nomzod rezyumesini tahrirlashi, mehnat bozorida o‘zini to‘g‘ri va kuchli qilib ko‘rsatishi yoki karyera rejasini tuzishi mumkin. Funksiya tavsifida uchta asosiy yo‘nalish ko‘rsatilgan. Ular rezyume va professional profilni yaxshilash, mos ish o‘rinlarini topish va boshqa nomzodlardan ajralib turish usullarini aniqlash hamda foydalanuvchining maqsad va kutishlarini hisobga olgan holda karyera imkoniyatlarini izlash va solishtirish.
Hozircha kengaytirilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot yo‘q. Biroq ko‘pchilik Jobs funksiyasining ishlash usuli yaqinda taqdim etilgan Health bo‘limiga o‘xshash bo‘lishini taxmin qilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» ChatGPT’da sog‘liq masalalariga bag‘ishlangan yangi bo‘lim — ChatGPT Health ishga tushirilgani haqida yozgandi.