
2025-yil yanvar–dekabr oylarida O‘zbekistonda 427 mingdan ortiq avtomobil sotildi. Yil yakunlariga ko‘ra, Chevrolet yetakchilikni saqlab qolgan bo‘lsa-da, sotuv hajmida pasayish qayd etildi, Kia’da esa barqaror o‘sish kuzatildi.
2025-yilda Chevrolet sotuvi 355,3 ming donani tashkil etdi va bozor ulushi 83,2 foizga tushdi. Taqqoslash uchun, 2024-yilda ushbu ko‘rsatkich 87,9 foiz edi. Bu Chevrolet ulushida pasayish borligini ko‘rsatmoqda.

Kia aksincha o‘sish qayd etdi. 2025-yilda brend 25,7 mingta avtomobil sotib, bozorning 6,0 foizini egalladi. 2024-yilda Kia ulushi 4,8 foiz bo‘lgan. BYD ham ijobiy dinamika ko‘rsatdi: 2025-yilda ulushi 5,6 foizga yetdi, 2024-yilda esa bu ko‘rsatkich 4,3 foiz edi.
Chery bozordagi ulushini 1,9 foizdan 2,6 foizgacha oshirdi. Haval esa 0,8 foizdan 2,1 foizga o‘sish qayd etdi. Bu Xitoy brendlariga bo‘lgan qiziqish kuchayayotganini ko‘rsatmoqda.
Hyundai va Isuzu kabi brendlar bozorda kichik ulushga ega bo‘lib qoldi. Hyundai 2025-yilda 0,2 foiz ulushni qayd etdi. Isuzu ulushi 0,1 foizni tashkil etdi. 2024-yilda Jetta 0,07 foiz bilan statistikada ko‘ringan bo‘lsa, 2025-yilda uning faolligi deyarli sezilmadi.
Qaysi avtomobillar ommabop

2025-yilda O‘zbekistonda sotilgan avtomobillar tarkibida ayrim modellar mutlaq ustunlikni saqlab qoldi. Eng ko‘p sotilgan model Chevrolet Cobalt bo‘ldi. Yil davomida ushbu modeldan 128,5 ming dona sotildi. Ikkinchi o‘rinda Damas joylashib, uning sotuvi 108,8 ming donani tashkil etdi. Uchinchi natija Tracker modeliga to‘g‘ri keldi, yil davomida 45,5 ming dona avtomobil xaridorlarga topshirildi.

Keyingi o‘rinlarda Labo va Onix modellariga talab yuqori bo‘ldi. Labo 37,3 ming dona, Onix esa 33 ming dona bilan bozorning asosiy qismini shakllantirdi. Sonet modeli 19,5 ming dona natija qayd etdi. Xitoy brendlari ham eng ommabop modellar qatoriga kirdi. Song Plus DM-i Champion modeli 7,3 ming dona, Yuan Up 6,2 ming dona va BYD Chazor Champion 5 ming dona sotildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Kia Seltos 2026 avtomobilining narxlari e’lon qilingani haqida yozgan edi.