Avto

«Gelik» 2025-yilda tarixidagi eng yuqori savdo ko‘rsatkichini qayd etdi

Brendning umumiy avtomobil savdosi yil davomida 9 foizga qisqarib, 1,8 mln dona atrofida bo‘lgan
Foto: Mercedes-Benz

«Gelik» 2025-yilda tarixidagi eng yuqori savdo ko‘rsatkichini qayd etdi. Bu haqda Motor1 portali xabar bermoqda.

Brendning umumiy avtomobil savdosi yil davomida 9 foizga qisqarib, 1,8 mln dona atrofida bo‘lgan. 2025-yilda Mercedes-Benz 49,7 ming dona G-Class sotdi. Bu model 1979-yildagi ilk taqdimotidan beri eng yuqori yillik ko‘rsatkich bo‘ldi. O‘tgan yildagiga nisbatan talab 23 foizga oshdi.

Foto: Gonzo Motors

Kompaniya G-Class savdolarini dvigatel turlari bo‘yicha ochiqlamadi. Ichki yonuv dvigatelli va to‘liq elektr versiyalar alohida ko‘rsatilmagan. Shunga qaramay, Mercedes-Benz elektr G580 with EQ Technology modeli umumiy rekordga sezilarli hissa qo‘shganini bildirdi. Kompaniya ushbu versiya yangi xaridorlarni jalb qilganini ta’kidladi.

Bu holat avvalgi tanqidiy baholarga zid. Germaniyaning Handelsblatt nashri 2024-yil iyunida kompaniya menejerlaridan birining elektr G-Class savdosi sust ketayotgani haqidagi fikrlarini keltirgan edi. 2025-yil yakunlari esa elektr «Gelendvagen» bozorida vaziyat unchalik ham yomon emasligini ko‘rsatdi.

Foto: Mercedes-Benz

Mercedes-Benz G-Class 1979-yildan beri deyarli o‘zgarmagan dizayni bilan ishlab chiqarilayotgan kam sonli avtomobillardan biri hisoblanadi. Model dastlab harbiy va xizmat ehtiyojlari uchun yaratilgan, keyinchalik esa premium yo‘ltanlamasga aylangan. G-Class ramali kuzovga ega va hozirgacha uchta blokirovkaga ega bo‘lgan kamyob seryali SUVlardan biri bo‘lib qolmoqda. Avtomobil Avstriyadagi Graz shahrida qo‘lda yig‘iladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Mercedes-Benz GLC noodatiy salon bilan taqdim etilgani haqida yozgan edi.