Yangiliklar

Javohir Sindarov Titled Tuesday turniri g‘olibi, Venesueladagi ozod qilingan mahbuslar va Honda’ning logotipi — 14-yanvarning muhim hodisalari

Kursiv Uzbekistan tomonidan e’lon qilingan 14-yanvarning muhim hodisalari
Javohir Sindarov
Foto: uzchess.uz

Javohir Sindarov Titled Tuesday turniri g‘olibiga aylandi, Tailandda yo‘lovchi poyezdiga kran quladi — Kursiv Uzbekistan tomonidan e’lon qilingan 14-yanvarning muhim hodisalari.

Javohir Sindarov Titled Tuesday turniri g‘olibiga aylandi

Foto: Yoshlar ishlari agentligi

O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindarov nufuzli Titled Tuesday onlayn turnirida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Umumiy mukofot jamg‘armasi $3 mingni tashkil etgan musobaqada 440 nafar ishtirokchi bellashdi. Sindorov musobaqa davomida deyarli barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonib, faqat vatandoshi Nodirbek Abdusattorov va perulik Renato Terri bilan durang o‘ynadi. Bu barqarorlik unga yakunda birinchi o‘rinni taqdim etdi.

«Manchester Siti» «Nyukasl»ni yengan o‘yinda Husanov eng yuqori ballga loyiq ko‘rildi

Abduqodir Husanov
Foto: Sportnet.hr

Angliya Liga Kubogi yarim finalida «Manchester Siti» safarda «Nyukasl» ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Abduqodir Husanov uchrashuvda to‘liq harakat qildi va eng yuqori ballga loyiq ko‘rildi. Bahsda hisob 53-daqiqada Antuan Semenyo tomonidan ochildi. O‘yinning 90+9-daqiqasida Rayan Sherki ikkinchi golni kiritib, uchrashuvga yakuniy nuqtani qo‘ydi. Sofascore portali Husanovga 8,1 ball qo‘ydi.

Qozog‘iston osmonida UzAirways va «Pobeda» samolyotlari xavfli darajada yaqinlashdi

Foto: Uzbekistan Airways

Qozog‘iston osmonida Uzbekistan Airways va Rossiyaning «Pobeda» aviakompaniyasiga tegishli samolyotlar o‘zaro xavfli masofaga yaqinlashdi. Bu haqda Tengrinews nashri vazirlik matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi. Hodisa jiddiy aviatsiya insidenti sifatida baholanib, Qozog‘iston Transport vazirligi tomonidan tekshiruv boshlandi.

1434 ta ko‘p qavatli uy-joy ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilgani aniqlandi

Foto: Pixels.com

O‘zbekistonda oxirgi to‘qqiz yil davomida 1434 ta ko‘p qavatli uy-joy davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan qurilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuror o‘rinbosari Dilmurod Qosimov Qonunchilik palatasi majlisida qurilish sohasida nazoratni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamasi vaqtida ma’lum qildi.

Honda kompaniyasi logotipini yangiladi

Foto: NBC News

Honda kompaniyasi elektromobillar davriga moslashtirilgan yangi korporativ «H» logotipini taqdim etdi. Bu haqda Honda Global nashri xabar berdi. Yangilangan ramz kompaniyaning strategik transformatsiyasini ifodalaydi va 2027-yildan boshlab bozorda paydo bo‘ladigan yangi avlod avtomobillarida qo‘llanila boshlaydi.

Tailandda yo‘lovchi poyezdiga kran qulashi oqibatida 22 kishi halok bo‘ldi

Foto: BBC

Tailandda qurilish krani qulashi sababli yo‘lovchi poyezdi relsdan chiqib ketdi. Oqibatda kamida 22 kishi halok bo‘ldi va 55 kishi jarohat oldi. Bu haqda Khaosod xabar berdi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, baxtsiz hodisa 14-yanvar kuni mamlakatning shimoli-sharqidagi Nakhon Ratchasima (Korat) provinsiyasining Sikhio tumanida sodir bo‘lgan.

Grenlandiya aholisi Daniya tarkibida qolishni qo‘llab-quvvatladi

Grenlandiya aholisi Daniya tarkibida qolishni qo‘llab-quvvatladi
Grenlandiya aholisi Daniya tarkibida qolishni qo‘llab-quvvatladi / Foto: Reuters

Grenlandiya aholisi Daniya tarkibida qolishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va mustaqillik bo‘yicha muhokamalarni vaqtincha to‘xtatishni so‘radi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi. Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nielsen Daniyaga sodiqlikni tasdiqlab, AQSh hududi bo‘lish imkoniyatini rad etdi.

O‘zbekistonliklarning qullikka tushib qolish xavfi yuqori — WPR

Foto: Vedomosti

2025-yilda O‘zbekiston 157 ta davlat orasida qullik indeksi (Global Slavery Index) bo‘yicha 99-o‘rinni egalladi. Bu haqda xalqaro World Population Review media platformasi ma’lumotlarida keltirilgan. Ko‘rsatkich 56 ball bo‘lib, bu Markaziy Osiyodagi ayrim davlatlarga qaraganda yomonroq natija hisoblanadi. Global qullik indeksi 1 balldan 100 ballgacha baholanadi. Ball qancha past bo‘lsa, holat shuncha yaxshi hisoblanadi.

Venesuela 400 dan ortiq mahbuslarni ozod qildi, muxolifat raqamlarga shubha qilmoqda

Venesuelada 400 dan ortiq mahbus ozod qilindi
Venesuelada 400 dan ortiq mahbus ozod qilindi / Foto: Human Rights

Venesuela hukumati 400 dan ortiq mahbuslarni ozod qilganini e’lon qildi, biroq muxolifat haqiqiy raqamlar boshqacha bo‘lishi mumkinligini bildirgan, deya yozmoqda Reuters agentligi. Milliy Assambleya raisi Xorge Rodrigez parlament sessiyasida ozod qilinganlarning siyosiy mahbuslar emas, balki qonunni buzgan va Konstitutsiyani poymol qilgan ba’zi siyosatchilar ekanini aytdi. U buni tinchlikni ta’minlash maqsadida qilganini qo‘shimcha qildi.

Toshkentda Donald Trampni 102 qilgan fuqaro jarimaga tortildi

Rasm sun’iy intellekt yordamida tayyorlandi

Toshkent shahrining Bektemir tumanida AQSh prezidenti Donald Tramp ustidan shikoyat qilishini aytib, 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan erkakka nisbatan sud hukmi chiqarildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati Kursiv’ga bildirdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudida 7-yanvar kuni ko‘rib chiqilgan ish materiallariga ko‘ra, fuqaro mast holatda ichki ishlar organlarining tezkor aloqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Donald Tramp go‘yoki odam o‘g‘irlab ketgani va Oq uyda yashayotgani haqida ariza qabul qilishni so‘ragan.