Avto

Nissan LEAF ayollar orasida eng yaxshi ixcham avtomobil deb topildi

Women’s Worldwide Car of the Year (WWCOTY) mukofoti doirasida
Foto: Tarantas News

Nissan kompaniyasi butunlay yangi Nissan LEAF modeli Women’s Worldwide Car of the Year (WWCOTY) mukofoti doirasida «Dunyoning eng yaxshi ixcham avtomobili» deb topilganini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida xabar berdi.

Ushbu mukofot avtomobil sohasiga ixtisoslashgan ayol jurnalistlardan iborat xalqaro hay’at tomonidan beriladi va dunyodagi yagona faqat ayollar ovoziga asoslangan avtomobil mukofoti hisoblanadi.

WWCOTY mukofoti xavfsizlik, sifat, narx, dizayn, boshqaruv qulayligi, funksionallik hamda ekologiyaga ta’sir kabi haydovchilar uchun muhim mezonlar asosida taqdim etiladi. Nissan LEAF ushbu yo‘nalishlarning barchasida yuqori baholarga sazovor bo‘ldi.

Foto: Nissannews.com

Yangi Nissan LEAF aerodinamik, zamonaviy dizayni, takomillashtirilgan elektr kuch uzatmasi va uzoq masofani bosib o‘tish imkoniyati bilan ajralib turadi. Model 52 yoki 75 kVt⋅soat sig‘imli akkumulyatorlar bilan jihozlangan bo‘lib, bu elektr avtomobilning yurish zaxirasini sezilarli darajada oshiradi. Shuningdek, avtomobil kundalik haydash uchun qulay va intuitiv texnologiyalar bilan ta’minlangan.

LEAF’ning asosiy yangiliklaridan biri – Google built-in texnologiyalari majmuasi. U Google Maps navigatsiyasi, Play Store orqali avtomobilga to‘g‘ridan to‘g‘ri ilovalar yuklash imkoniyati hamda Google Assistant yordamida ovoz orqali navigatsiya, iqlim nazorati va multimedia tizimini boshqarishni o‘z ichiga oladi. Bu haydovchiga qo‘llarni ruldan uzmasdan avtomobilni boshqarish imkonini beradi.

Nissan prezidenti va bosh direktori Ivan Espinosa ushbu mukofot kompaniyaning strategik yo‘nalishini tasdiqlashini ta’kidladi.

«WWCOTY tomonidan berilgan bu e’tirof bizning elektromobillarni barcha haydovchilar uchun qulay, ommabop va jozibador qilish borasidagi intilishimizni yana bir bor tasdiqlaydi», – dedi Espinosa.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nissan Z 2027 avtomobili yangilangani haqida yozgandi.