Oyda ilk mehmonxona: GRU startapi 1 mln dollar bilan bronlarni ochdi

Kaliforniyada joylashgan Galactic Resource Utilization Space (GRU) startapi Oyda joylashadigan ilk mehmonxona loyihasi uchun bronlarni ochdi. Bu haqda Space.com nashri xabar berdi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, badavlat sarguzasht ixlosmandlari Oyda dam olish uchun oldindan $1 million depozit to‘lab, birinchi mehmonlar safidan joy egallashi mumkin.
GRU’ning ta’kidlashicha, mehmonxona 2032-yilga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu obyekt yer tashqarisida doimiy barpo etiladigan ilk inshoot bo‘lishi kutilmoqda. Qurilish ishlari 2029-yilda, zarur ruxsatnomalar olinganidan so‘ng boshlanishi mumkin.

Loyihaga ko‘ra, mehmonxona Oy tuprog‘ini maxsus texnologiyalar yordamida mustahkam qurilish materialiga aylantirish orqali bunyod etiladi. Kompaniya bu jarayon uchun o‘ziga xos modulli yashash tizimi va avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish usullaridan foydalanishini bildirgan.
GRU asoschisi, Kaliforniya universiteti bitiruvchisi Skyler Channing aytishicha, Oy turizmi kelajakdagi oy iqtisodiyotini rivojlantirish uchun muhim qadam hisoblanadi. Uning fikricha, turizm insoniyatning sayyoralararo hayotga o‘tishi uchun eng tezkor yo‘ldir.
«Biz insoniyat haqiqatan ham sayyoralararo sivilizatsiyaga aylanishi mumkin bo‘lgan tarixiy burilish nuqtasida yashayapmiz», — dedi Chan.
Uning ta’kidlashicha, kelajakda milliardlab odamlar Oy va Marsda tug‘ilib, u yerdagi hayotni his qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Mehmonxonaning dastlabki mijozlari orasida ilgari tijorat kosmik parvozlarida qatnashgan shaxslar hamda noodatiy asal oyi izlayotgan boy juftliklar bo‘lishi kutilmoqda.
Skyler Chan loyiha doirasida SpaceX va Anduril kabi kompaniyalar bilan bog‘liq investorlar tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlov olinganini ham ma’lum qildi. Startap, shuningdek, Oyda doimiy inson yashashini kengaytirish bo‘yicha strategiyani o‘z ichiga olgan maxsus hujjatni ham e’lon qilgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri rossiyaliklar hisobiga O‘zbekistondagi mehmonxonalarga talab 78 foizga oshgani haqida yozgandi.