
Shavkat Mirziyoyev energiya samaradorligini oshirish hamda elektr energiyasi ta’minotida bozor mexanizmlarini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, energiya samaradorlik sohasidagi islohotlarni tizimli olib borish maqsadida o‘tgan yilda maxsus agentlik tashkil etildi. Ushbu agentlikka 2030-yilgacha iqtisodiyotda energiya sarfini kamida 20 foizga, davlat idoralari va ijtimoiy obyektlarda esa 15 foizga qisqartirish vazifasi yuklatilgan. Taqdimotda agentlikning 2026-yilga mo‘ljallangan faoliyat rejalari ko‘rib chiqildi.
Mamlakatdagi ko‘plab binolar o‘tgan asrning 60 – 70-yillarida qurilgani bois energiya tejamkorlik darajasi pastligicha qolmoqda. Shu sababli ijtimoiy obyektlar va aholi turar joylarini energiya samarador obyektlarga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar rejalashtirilgan. Joriy yilda bu maqsadlar uchun 150 mlrd so‘m subsidiya va kompensatsiya mablag‘lari yo‘naltiriladi.

Qariyb 30 mingta ijtimoiy obyektning energiya samaradorligini oshirishda xalqaro moliya institutlari va xususiy sektor investitsiyalarini keng jalb etish zarurligi ta’kidlandi. Joriy yilgi investitsiya dasturi doirasida 770 ta ijtimoiy obyekt energiya samaradorlik standartlari asosida modernizatsiya qilinadi. Bu ishlarga xalqaro moliya institutlaridan 264 million dollar mablag‘ jalb etilishi rejalashtirilgan.
Sanoat tarmoqlarida ham energiya tejamkorlikni oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, joriy yilda 142 ta to‘qimachilik korxonasiga quyosh panellari o‘rnatilib, 722 mln kilovatt-soat elektr energiyasi va 693 mlrd so‘m mablag‘ tejalishi kutilmoqda. Ichimlik suvi ta’minoti tizimida esa 300 ta nasosni yangilash rejalashtirilgan.
Joriy yilda 400 ta individual issiqlik punktini o‘rnatish va kamida 100 kilometr issiqlik tarmoqlarini yangilash ko‘zda tutilgan. Yirik korxonalar uchun elektrni ulgurji bozorda soatbay narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarga xarid qilish joriy etish taklif etildi. Energetika va kommunal sohalar uchun yagona regulyator tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Chirchiq shahridagi texnoparkka tashrif buyurib, mudofaa sanoati korxonalari faoliyati bilan tanishgan edi.