
2025-yilning yanvar – noyabr oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan sug‘urta xizmatlari hajmi 10,9 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada, ya’ni 2,9 trln so‘mga oshgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
Statistik tahlillarga ko‘ra, bozorda eng katta ulushni umumiy sug‘urta turlari egallagan. Xususan, baxtsiz hodisalar, avtotransport vositalari, yuk va mulkni sug‘urtalash kabi xizmatlar umumiy hajmning 81,7 foizini tashkil qiladi. Bu aholi va biznes vakillari orasida aynan mulkiy va transport xatarlarini sug‘urtalashga talab yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Qayta sug‘urtalash xizmatlari bozorning 14,1 foizini band etgan bo‘lsa, hayotni sug‘urtalash yo‘nalishi nisbatan kichik ulushga ega bo‘lib qolmoqda. Hisobot davrida hayotni sug‘urtalash xizmatlari umumiy ko‘rsatkichning atigi 4,2 foizini tashkil qilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan davlat raqami belgilarini berishda cheklovlar kuzatilayotgani haqida xabar bergan edi.