
16-17-yanvar kunlari O‘zbekiston hududiga sovuq antisiklon kirib kelishi kutilmoqda. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, ushbu jarayon bosqichma-bosqich kechadi va antisiklon kirib kelishi davrida atmosferada havo almashinuvi sezilarli darajada zaiflashadi.
Natijada havoda ifloslovchi moddalar hamda mayda zarrachalar – PM2,5 va PM10 konsentratsiyasi oshishi mumkin. Bu holat havo sifati ko‘rsatkichlarining yomonlashuviga olib kelishi ehtimoli bor. Ushbu jarayon taxminan uch kun davom etadi.
Keyinchalik antisiklon ta’siri kuchayib boradi va 16 – 17-yanvar kunlariga kelib respublikaning deyarli barcha hududlarida havo harorati pasayadi. Kunduzgi haroratlar ham sezilarli darajada tushib, ayniqsa, tungi va ertalabki soatlarda sovuq kuchayadi.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda qisqa muddatli yog‘ingarchiliklar taxmin qilinmoqda. Yog‘inlar yomg‘ir yoki qor ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Mutaxassislar yog‘ingarchilik va shamol atmosferada to‘planib qolgan mayda zarrachalarning yuvilishiga sabab bo‘lib, havo sifati qisqa muddatga yaxshilanishini kutmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 14-yanvar kuni qanday ob-havo kuzatilishi haqida yozgandi.