
2025-yilda O‘zbekiston 157 ta davlat orasida qullik indeksi (Global Slavery Index) bo‘yicha 99-o‘rinni egalladi. Bu haqda xalqaro World Population Review media platformasi ma’lumotlarida keltirilgan.
Ko‘rsatkich 56 ball bo‘lib, bu Markaziy Osiyodagi ayrim davlatlarga qaraganda yomonroq natija hisoblanadi. Global qullik indeksi 1 balldan 100 ballgacha baholanadi. Ball qancha past bo‘lsa, holat shuncha yaxshi hisoblanadi. Indeks ikki asosiy omil asosida hisoblanadi. Bular har 100 ming aholiga to‘g‘ri keladigan qullik holatlari soni hamda davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning bunday jinoyatlarga munosabati.
Manbaga ko‘ra, O‘zbekistonda qullik holatlari 100 ming aholiga 7,4 ta, hukumatning bu muammoga munosabati esa 100 balldan 46 ball deb baholangan.

Eng yomon holat Tojikistonda kuzatilgan. U yerda qullik darajasi juda yuqori – 100 ming kishiga 14 ta holat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar reaksiyasi esa juda past – 100 balldan 36 ball.
Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida esa vaziyat yaxshiroq, masalan, Qozog‘iston 61-o‘rinda, Turkmaniston 75-o‘rinda va Qirg‘iziston 97-o‘rinda qayd etilgan.
Reytingda qullik eng kam uchraydigan davlatlar, asosan, Yevropaning rivojlangan mamlakatlari bo‘ldi. Norvegiya birinchi o‘rinni egalladi – u yerda qullik darajasi 100 ming kishiga 0,5 ta.
Kuchli beshtalikka, shuningdek, Finlyandiya, Niderlandiya, Portugaliya va Daniya ham kirdi. Bu davlatlarda hukumatning bunday holatlarga munosabati ham eng faol bo‘lib, 60 balldan yuqori baholangan.
Avvalroq «Kursiv» Markaziy Osiyo iqtisodiy jihatdan va aholi soni bo‘yicha qachon Rossiyadan o‘zib ketishini yozgandi.