Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 34 yilligi munosabati bilan tabrik yo‘lladi

Davlat rahbari o‘z murojaatida askar va serjantlar, ofitser va generallar, shuningdek, Qurolli Kuchlar faxriylarini va butun ko‘p millatli xalqni bayram bilan samimiy qutladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

14-yanvar kuni O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev bayram tabrigini yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari o‘z murojaatida askar va serjantlar, ofitser va generallar, shuningdek, Qurolli Kuchlar faxriylarini va butun ko‘p millatli xalqni bayram bilan samimiy qutladi. Prezident Vatan himoyasidek sharafli va mas’uliyatli vazifani sidqidildan ado etib kelayotgan harbiy xizmatchilarga yuksak hurmat va ehtirom bildirdi.

Shuningdek, Vatan oldidagi burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan qahramon harbiylar xotirasi chuqur ehtirom bilan yod etildi.

Tabrikda qayd etilishicha, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda Qurolli Kuchlarning o‘rni muhim bo‘lib, mamlakat mustaqilligi va hududiy yaxlitligini ta’minlashda harbiylarning hissasi alohida ahamiyat kasb etadi.

Prezident so‘nggi yillarda «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida milliy armiyaning jangovar salohiyatini oshirish, boshqaruv va ta’minot tizimini modernizatsiya qilish, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, malakali ofitser va serjantlar tayyorlash borasida izchil ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

«Har bir harbiy xizmatchi xalq bilan armiya – bir tanu bir jon ekanini, uning ortida 38 millionlik xalq tog‘dek tayanch bo‘lib turganini doimo his etishi, shundan cheksiz kuch, ruh va madad olishi kerak», – dedi Mirziyoyev.

Murojaat yakunida Prezident barcha Vatan himoyachilarini bayram bilan yana bir bor qutlab, ularga va ularning oila a’zolariga mustahkam sog‘liq, tinchlik, farovonlik hamda davlat mudofaa salohiyatini mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident jangovar va maxsus tayyorgarlik mashg‘ulotlarini yuqori baholagani haqida yozgandi.