
Tailandda qurilish krani qulashi sababli yo‘lovchi poyezdi relsdan chiqib ketdi. Oqibatda kamida 22 kishi halok bo‘ldi va 55 kishi jarohat oldi. Bu haqda Khaosod xabar berdi.
Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, baxtsiz hodisa 14-yanvar kuni mamlakatning shimoli-sharqidagi Nakhon Ratchasima (Korat) provinsiyasining Sikhio tumanida sodir bo‘lgan.
Nashrning yozishicha, Bangkokdan Ubon Ratchathani provinsiyasiga ketayotgan yo‘lovchi poyezdi o‘tib ketayotganda yuqori tezlikdagi temiryo‘l ko‘prigi qurilishida ishlatilgan kran qulab tushgan. Kranning trosi lokomotivga o‘ralashib qolgan, oqibatda poyezd relsdan chiqib ketgan. Ikkinchi va uchinchi vagonlar shikastlangan.
Poyezdda taxminan 190 yo‘lovchi bo‘lgan, ularning ba’zilari vagonlar ichida qolib ketgan. Qutqaruvchilar jarohatlanganlarni evakuatsiya qildi. Jumladan, bir bola shifoxonaga olib ketilgan. Guvohlarning aytishicha, baxtsiz hodisadan oldin ular poyezd tomiga kranning qulagan ovozini eshitgan, shundan so‘ng poyezd keskin tormozlanib, relsdan chiqib ketgan.
Bangkok Post nashrining xabar berishicha, voqea sodir bo‘lgan temiryo‘l ko‘prigi Tailand – Xitoy yuqori tezlikdagi temiryo‘lining Bangkok – Nakhon Ratchasima qismi uchun qurilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Meksikaning Oaxaka shtatida Interoceanic poyezdi relsdan chiqib ketishi oqibatda kamida 13 kishi halok bo‘lgani, 98 kishi jarohatlangani haqida yozgandi.