Yangiliklar

Toshkent va Atirov shaharlari o‘rtasida aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi

2026-yil 30-martdan boshlab
Toshkent va Atirov shaharlari o‘rtasida aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi / Foto: Euroasia Travel

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi havo qatnovini kengaytirish doirasida Toshkent – Atirov – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yangi aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airways ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, aviakompaniya mazkur yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni 2026-yil 30-martdan boshlab amalga oshiradi. Reyslar haftada ikki marta – dushanba kunlari kunduzgi, juma kunlari esa kechki vaqtda bajariladi.

Mazkur yo‘nalish bo‘yicha aviachiptalar narxi 1,9 mln so‘mdan boshlanadi. Chiptalarni booking.uzairways.com sayti, mobil ilova, Uzbekistan Airways Sales filiallari hamda rasmiy agentliklar orqali xarid qilish mumkin.

Ma’lumot uchun, Atirov shahri Ural daryosi bo‘yida joylashgan bo‘lib, Qozog‘istonning yirik biznes va sanoat markazlaridan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan va Dehli o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edik.