Avto

Volvo EX30 avtomobili bilan bog‘liq mojaroga sabab nima

Volvo Car tomonidan EX30 elektr avtomobillari qaytarib olinayotgani Sunwoda batareyalari bilan bog‘liq emasligi aytilmoqda
Foto: InsideEV

Xitoyning Sunwoda Electronic Co. kompaniyasi rahbari Van Vey internetda tarqalgan mish-mishlarni rasman inkor etdi. Unga ko‘ra, Volvo Car tomonidan Volvo EX30 elektr avtomobillari qaytarib olinayotgani Sunwoda batareyalari bilan bog‘liq emas.

Van Veyning aytishicha, muhokama qilinayotgan yuqori kuchlanishli batareyalar bevosita Sunwoda tomonidan yetkazib berilmagan. Batareyalar Volvo‘ning o‘z ichki ishlab chiqarish tizimiga kiruvchi zavodlar tomonidan taqdim etilgan. Shu bilan birga, batareya elementlari Geely va Sunwoda qo‘shma korxonasi orqali ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, Sunwodaning ulushi atigi 30% ekani ta’kidlandi.

Foto: Volvo

Mazkur izohlar Volvo‘ning butun dunyo bo‘ylab 33,7 ming dona EX30 avtomobilini qaytarib olishi fonida yangradi. Buyuk Britaniyada bu ko‘rsatkich 10,4 ming donani tashkil etdi. Sabab sifatida taxminan 0,02% batareya elementlarida qizib ketish holatlari ko‘rsatilgan. Mojaro 2025-yil noyabrda Braziliyadagi dilerlik markazida Volvo EX30 yonib ketganidan keyin keskinlashdi.

Volvo Braziliyada e’lon qilgan rasmiy xabarga ko‘ra, muammo ayrim yuqori kuchlanishli batareya elementlaridagi ishlab chiqarish nuqsonlari bilan bog‘liq bo‘lib, ular modul ichida ichki qisqa tutashuvga olib kelishi mumkin.

Sunwoda vakillari yana bir bor ta’kidlashicha, EX30 uchun qaytarib olinayotgan batareyalar bo‘yicha bitim Sunwoda Power’ga aloqador emas. Qo‘shma korxona elementlarni ishlab chiqargan, biroq ular avval Volvo‘ning akkumulyator tizimlari yetkazib beruvchisiga topshirilgan, keyin esa tayyor bloklar sifatida Volvo‘ga yetkazilgan.

Shu bilan birga, Geely’ning sho‘ba kompaniyasi batareyalar sifati bilan bog‘liq masala yuzasidan Sunwoda’ga nisbatan yirik sud da’vosi kiritgani ma’lum qilindi. Mojaro elektrotransport bozorida batareyalar xavfsizligi masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi.

Esklatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Volvo butun dunyo bo‘ylab avtomobillarini chaqirib olayotgani haqida yozgan edi.