
Ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlik cho‘qqisiga erishgan xonanda MatRang hayoti va faoliyati ko‘pchilik uchun qiziq. «Kursiv» nashrining ushbu maqolasida san’atkor haqida qiziqarli ma’lumotlar keltiriladi.
MatRang taxallusi bilan tanilgan Alan Xadzikov 1995-yilda Vladikavkaz shahrida tug‘ilgan. U Rossiya pop va alternativ sahnasida o‘ziga xos uslubi bilan ajralib turadigan ijodkorlardan biri hisoblanadi. Uning 2018-yilda chiqqan «Meduza» qo‘shig‘i qisqa vaqt ichida internet-hitga aylanib, MatRangni keng auditoriyaga tanitdi. Biroq xonandaning mashhurligi faqat birgina trek bilan cheklanmaydi. Uning sahna ortidagi hayoti, ijodiy qarashlari va shaxsiy kechinmalari ko‘pchilikka hanuzgacha kam ma’lum.
Bolalik va san’atga qiziqish

MatRang san’atga juda erta qiziqa boshlagan. U yetti yoshida «Arion» bolalar xorida yakkaxon ijrochi bo‘lgan va sahnada o‘zini erkin tutishni aynan shu davrda o‘rgangan. O‘n yetti yoshida «Ugly World» nomli ilk qo‘shig‘ini yozgan. Ko‘p o‘tmay, «Planeta Luna» nomli debyut albomi paydo bo‘lib, unda keyinchalik butun ijodiga xos bo‘lib qolgan oy timsoli yaqqol sezila boshlagan. Maktabdan so‘ng u Vladikavkazdagi institutlardan biriga kirib, dizayner-muhandis bo‘lishni rejalashtirgan. Ammo 2016-yilda ta’limni tashlab, butunlay musiqa bilan shug‘ullanish uchun Moskvaga ko‘chib o‘tishga qaror qilgan.
«Meduza» klipi haqida
2018-yil MatRang hayotida burilish nuqtasi bo‘ldi. «Meduza» qo‘shig‘i ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqaldi va ijodkorni mamlakat miqyosida mashhur qildi. Qiziq tomoni shundaki, qo‘shiqqa ishlangan video klip rejalashtirilgan loyiha emas edi. Xonandaning aytishicha, u shunchaki Instagram uchun qisqa video olishni istagan, telefonni qo‘yib raqsga tushgan va bu tasvir qanday qilib millionlab tomoshalarga ega bo‘lishini umuman o‘ylamagan. O‘sha yil u «Gazgolder» ijodiy uyushmasi a’zosiga aylandi va 20-oktabr kuni Moskvaning Red Club sahnasida ilk yirik yakkaxon konsertini o‘tkazdi.
San’atkor va OAV

MatRang ommaviy axborot vositalarida kam ko‘rinishni afzal ko‘radi. U mashhurlik cho‘qqisida ham intervyular sonini cheklagan. Xonanda bir necha bor «Meduza»dan keyingi suhbatlarda doim bir xil savollar berilayotganidan charchaganini aytgan. Shuning uchun u kamera oldida ko‘p gapirishdan ko‘ra, o‘z fikr va hissiyotlarini musiqa orqali ifodalashni ma’qul ko‘radi. Uning ijodiy qarashlariga BASTA va Zemfira katta ta’sir ko‘rsatgan. BASTAning mehnatsevarligi va musiqaga fidoyiligi MatRang uchun muhim namuna bo‘lsa, Zemfira uning betakrorligi va qoliplardan chiqib ketgan ijodi bilan ilhom bag‘ishlagan. Shu bilan birga, u Viktor Tsoy bilan solishtirilishni yoqtirmaydi va o‘zini boshqa san’atkorlar bilan emas, balki o‘z ichki dunyosi bilan o‘lchashini ta’kidlaydi.
Qo‘shiqlari qanday yaratiladi

Ijodiy jarayonda MatRang qat’iy qoidalarga amal qilmaydi. Qo‘shiqlar aksariyat hollarda spontan tarzda tug‘iladi. Ba’zan biror ohang yoki so‘z xayoliga kelib qolsa, u shu zahoti telefoniga yozib qo‘yadi. Dastlabki yillarda u Internetdan tayyor bitlarni sotib olib, ularga o‘z matni va ohangini qo‘shganini ham yashirmagan. Barcha jarayonni mustaqil bajarishga intilishi uning ijodiy mustaqilligini oshirgan. Uning musiqasida yolg‘izlik, ichki qo‘rquv va sirli ramzlar muhim o‘rin egallaydi. Xonanda bu holatlarni bolalikdagi ruhiy kechinmalar bilan bog‘laydi va aynan shu sababli oy obrazini o‘zining asosiy timsoliga aylantirganini aytadi.
Shaxsiy hayoti

Sahna ortida esa MatRang juda oddiy hayot kechiradi. U hayvonlarni yaxshi ko‘radi va birinchi itiga Don deb nom qo‘ygan. Bu nom uning dastlabki sahna taxallusi Don Shal bilan bog‘liq. Xonanda itini «oilam a’zosi» deb ataydi va uni ko‘plab safarlarga ham birga olib chiqadi. Yaqin kelajakda uning uyida yana bir it paydo bo‘lishi ham rejalashtirilgan. MatRangning fikricha, hayvonlar insondan ko‘ra sadoqatliroq bo‘lishi mumkin va bu munosabat unga ichki sokinlik baxsh etadi.
Alan Xadzikov sahnada MatRang nomi bilan tanilgan bo‘lsa-da, uning haqiqiy qiyofasi faqat xit qo‘shiqlardan iborat emas. Tasodifan suratga olingan video, ong osti ramzlariga boy musiqalar va oddiy hayotiy tanlovlar uni zamonaviy rus sahnasidagi eng noodatiy ijodkorlardan biriga aylantirdi. Aynan shu sirli va samimiy jihatlar MatRang musiqasiga bo‘lgan qiziqishni yildan yilga oshirib bormoqda.
Sevimli san’atkordan achinarli shaxsgacha

So‘nggi yillarda MatRang bilan bog‘liq xabarlar uning muxlislarini jiddiy tashvishga soldi. Bir paytlar sahnada o‘ziga xos imiji va ijodi bilan ajralib turgan xonanda omma ko‘z o‘ngida butunlay boshqa qiyofada paydo bo‘la boshladi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlar va videolarda u sochlarini butunlay oldirgan, tashqi ko‘rinishi esa ancha o‘zgargan edi.
Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, bu holat MatRang hayotidagi murakkab psixologik davr bilan bog‘liq. 2024-yil boshida u uzoq vaqt yolg‘iz qolishni afzal ko‘rgani, sahnadan va ijtimoiy hayotdan chekinib, o‘zini izolyatsiya qilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ayrim manbalar u xorijda, xususan, Tailandda bo‘lgan paytida og‘ir ahvolga tushib qolgani, moliyaviy va ruhiy muammolarni boshdan kechirganini yozdi.
Sochini oldirishi ko‘pchilik tomonidan oddiy imij o‘zgarishi emas, balki ichki inqirozning tashqi ko‘rinishdagi aks sadosi sifatida talqin qilindi. Shu davrda MatRang ijtimoiy tarmoqlarda ham kam ko‘rina boshladi. U o‘z holati haqida batafsil izoh bermadi, bu esa turli taxmin va muhokamalarning kuchayishiga olib keldi.
Keyinchalik xonandaning oilasi uni Rossiyaga qaytargani va mutaxassislar nazorati ostida davolanish hamda reabilitatsiya jarayonidan o‘tkazilganini ma’lum qildi. Yaqinlari bu qarorni uning sog‘lig‘i va hayoti uchun zarur choralar sifatida izohlagan. Rasmiy bayonotlarda asosiy e’tibor uning tiklanishi va normal hayotga qaytishiga qaratilgani ta’kidlangan.
Kursiv Uzbekistan nashri 2026-yilgi «Oltin globus» mukofoti g‘oliblari e’lon qilingani haqida yozgan edi.