2026-yilda 186 mln kishi ishsiz qoladi — BMT

eʼlon qilindi
Qariyb 300 million ishchi kuniga $3 dan kam daromad oladi
Foto: irinabal18/Depositphotos

Global ishsizlik darajasi 2026-yilda 4,9 foiz darajasida saqlanib qoladi, bu 186 million kishini tashkil etadi. Bu haqda Xalqaro mehnat tashkilotining yangi Jahon bandlik va ijtimoiy istiqbollari hisobotida keltirilgan.

BMT Yangiliklar xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 300 million ishchi o‘ta qashshoqlikda yashashda davom etmoqda va kuniga $3 dan kam daromad oladi. Shu bilan birga, norasmiy bandlik o‘sib bormoqda: 2026-yilga kelib, 2,1 milliard kishi ijtimoiy himoya, mehnat huquqlari yoki ishdagi xavfsizligi bo‘lmagan holda ishlaydi.

Ayniqsa, eng yomon mehnat sharoitlariga ega ishchilar yanada noqulay ahvolda qolgan kam daromadli mamlakatlarda taraqqiyot sekinlashdi. Hisobot mualliflari iqtisodiyotlarning yuqori texnologiyali sanoat va xizmatlarga o‘tish jarayonining sekinlashishi unumdorlik va ish sifatini oshirishga asosiy to‘siq bo‘lib qolishini ta’kidlamoqda.

Yoshlarning ahvoli ham xavotirli. Yoshlar orasida ishsizlik darajasi 2025-yilga kelib 12,4 foizga ko‘tarildi. Dunyo bo‘ylab qariyb 260 million yoshlar ta’lim olmaydi, ish bilan band emas yoki malaka oshirmaydi. Kam daromadli mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 27,9 foizga yetadi. XMT sun’iy intellekt va avtomatlashtirish vaziyatni, ayniqsa yuqori daromadli mamlakatlardagi ma’lumotli yoshlar uchun yanada yomonlashtirishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Ayollar ijtimoiy normalar va stereotiplar bilan bog‘liq tizimli to‘siqlarga duch kelishda davom etmoqda. Ular global bandlikning atigi beshdan ikki qismini tashkil qiladi va mehnat bozorida erkaklarga qaraganda 24 foizga kamroq ishtirok etadi. Ayollarning ishchi kuchida ishtirokini oshirishdagi yutuqlar deyarli to‘xtab qoldi.

Shuningdek, boy mamlakatlarda aholining qarishi ishchi kuchining o‘sishini sekinlashtirishi, past daromadli mamlakatlarda esa aholining tez o‘sishi yetarli miqdordagi samarali ish o‘rinlarini yaratilmasligi ta’kidlangan. 2026-yilda bandlikning o‘sishi quyidagicha bo‘lishi prognoz qilinmoqda: yuqori-o‘rta daromadli mamlakatlarda 0,5 foiz, o‘rtacha daromadli mamlakatlarda 1,8 foiz hamda kam daromadli mamlakatlarda 3,1 foiz.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 2026-yilda ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizgacha pasaytirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek