
AQSh Yaqin Sharqdagi ayrim harbiy bazalardan xodimlarini ehtiyot chorasi sifatida olib chiqmoqda. Eron rasmiylari AQSh hujum qilsa, javob zarbalari berilishi bilan ogohlantirdi, deya yozmoqda Reuters.
AQSh rasmiysiga ko‘ra, xodimlarni olib chiqish hududdagi keskinlik kuchaygani bilan bog‘liq. G‘arbiy harbiy manba AQSh harbiy aralashuvi ehtimoli borligini, biroq vaqt va ko‘lami aniq emasligini bildirgan. Donald Tramp esa hozircha vaziyatni kuzatib borayotganini aytgan.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbas Araqchi namoyishchilar bo‘yicha qatl yoki osish rejalari yo‘qligini ma’lum qildi. Biroq huquq tashkilotlari Eron qamoqxonalarda bunday holatlar mavjudligini qayd etmoqda.
BMT Xavfsizlik Kengashi AQSh tashabbusi bilan Eron masalasini muhokama qiladi. Qatar Al Udeid bazasida xodimlar qisqartirilmoqda, Britaniya ham o‘z harbiy xizmatchilarining bir qismini olib chiqishni boshlab yuborgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq norozilik namoyishlari ortidan AQSh fuqarolarini Erondan chaqirib olayotgani haqida xabar berilgan edi.