Yangiliklar

Atirauda FlyArystan samolyoti qo‘nishdan so‘ng yo‘lakdan chiqib ketdi

Hodisa oqibatida bortdagi 166 nafar yo‘lovchidan hech kim jabrlanmadi
Foto: Telegram / FlyArystan

14-yanvar kuni Qozog‘istonning Atirau aeroportida FlyArystan aviakompaniyasining samolyoti qo‘nishni amalga oshirib, uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketdi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Olmaota – Atirau yo‘nalishidagi FS7202 reysi samolyoti past tezlikda harakatlanayotgan bo‘lgan. Samolyot bortida jami 166 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Barcha yo‘lovchilar havo kemasidan tushirilgan, ular va ekipaj a’zolari orasida jarohat olganlar yo‘q. Hodisa aynan samolyot to‘xtash joyiga qarab harakatlanayotgan vaqtda yuz bergan.

Ayni paytda aviakompaniya aeroport xizmatlari va aviatsiya ma’muriyati bilan hamkorlikda hodisa sabablarini aniqlash bo‘yicha belgilangan tartibda tekshiruv ishlarini olib bormoqda. FlyArystan yo‘lovchilar xavfsizligi ta’minlanganini ma’lum qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Atirau – Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edi.