Avto

Audi Q6 2026 avtomobili taqdim etildi

Dvigatellar qatori uchta benzinli variantdan iborat
Foto: Audi

SAIC Audi qo‘shma korxonasi Audi Q6 2026 krossoverini Xitoy bozorida rasman namoyish etdi. Avtomobil 14 ta komplektatsiyada sotuvga chiqarilgan. Narxlar 467 600 yuandan 610 600 yuangacha, bu taxminan $65 mingdan $85 minggacha degani.

Tashqi ko‘rinish va texnik jihatlar deyarli o‘zgarmagan. Asosiy yangiliklar orasida Sandalwood Brown nomli yangi jigarrang rang paydo bo‘ldi. Far yuvish tizimi esa olib tashlandi.

Foto: Audi

Dizayn avvalgidek qoldi. Xaridorlar old qism uchun ikkita uslubni tanlashi mumkin. Feathered varianti ko‘p xromli va vertikal radiator panjarasiga ega. Flying Rider varianti esa qora dekor bilan ajralib turadi.

Audi Q6 o‘lchamlari 5099 × 2014 × 1784 mm. G‘ildirak bazasi – 2980 mm. Salon 6 yoki 7 o‘rindiqli konfiguratsiyada taklif qilinadi.

Foto: Audi

Salon to‘rt spokli multirul bilan jihozlangan. 12,3 dyuymli raqamli panel mavjud. Multimedia ekrani 10,1 dyuym. Klimat va boshqa funksiyalar uchun 8,6 dyuymli sensorli ekran o‘rnatilgan.

Dvigatellar qatori uchta benzinli variantdan iborat. 40 TFSI versiyasi 2,0 litrli 231 ot kuchiga ega motor bilan chiqadi. 45 TFSI shu hajmda, ammo 265 ot kuchini taklif qiladi. Eng yuqori 50 TFSI versiyasi 2,5 litrli V6 va 300 ot kuchiga ega.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Audi’ning 2026-yilgi modellari taqdim etilgani haqida yozgan edi.