
Yo‘l harakati tobora zichlashib borayotgan bugungi kunda avtomobil videoregistratori oddiy gadjet emas, balki zarur himoya vositasiga aylandi. Birgina video hal qiluvchi dalil bo‘lishi, asossiz ayblovlardan saqlashi yoki sug‘urta masalasida muammoni oson hal qilishi mumkin. Bozorda yuzlab modellar bor. Ularning ba’zilari arzon, ba’zilari esa qimmat. Shu sabab Kursiv Uzbekistan videoregistrator tanlash mezonlari, eng yaxshi modellar, ularning afzalliklari hamda O‘zbekistondagi narxlarini bir joyga jamladi.
Ushbu maqola orqali quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:
Videoregistrator turlari

Videoregistrator tanlashda bir nechta muhim jihatlarni birgalikda baholash kerak. Avvalo, video sifati eng asosiy omil hisoblanadi. Kamida Full HD, ya’ni 1080p yozuv beradigan qurilma tanlash tavsiya etiladi, ammo 2K yoki 4K formatdagi videoregistratorlar yo‘l belgilari va avtomobil raqamlarini aniq ko‘rsatib bera oladi. Ayniqsa, 4K tasvir bahsli vaziyatlarda muhim dalil bo‘lib xizmat qiladi. Kadr tezligi ham ahamiyatli. 60 fps yozuv harakatdagi tasvirlarni silliq va tiniq ko‘rsatadi.

Keyingi muhim jihat ko‘rinish burchagi. Linzaning qamrovi qanchalik keng bo‘lsa, yo‘lning ko‘proq qismi videoga tushadi. Odatda 120 darajadan yuqori ko‘rinish burchagi shaharda ham, trassada ham qulay hisoblanadi. Juda tor burchak yo‘l chetidagi holatlarni e’tibordan chetda qoldirishi mumkin. Shu sababli keng burchakli optika ko‘pchilik haydovchilar uchun eng maqbul variant sanaladi.
GPS va sensorlar videoregistratorning imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. GPS moduli yordamida video bilan birga avtomobil tezligi, vaqt va aniq joylashuv ma’lumotlari yozib olinadi. Bu ma’lumotlar yo‘l-transport hodisalari yoki sug‘urta masalalarida muhim rol o‘ynaydi. G-sensor esa zarba yoki keskin tormozlanishni aniqlab, aynan shu lahzani alohida fayl sifatida saqlab qo‘yadi. Natijada muhim video tasodifan o‘chib ketmaydi.
Park rejimi ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak. Avtomobil to‘xtab turgan paytda ham videoregistrator harakatni yoki zarbani qayd etishi mumkin. Bu funksiya mashina hovlida, ko‘cha bo‘yida yoki avtoturargohda qoldirilganda foydali.

Shuningdek, kamera soni ham tanlovda muhim. Faqat old tomonni yozadigan qurilmalar kundalik ehtiyojlar uchun yetarli bo‘lishi mumkin, ammo orqa yoki salon kamerasi qo‘shilgan modellarda nazorat darajasi ancha yuqori bo‘ladi. Ikki yoki undan ortiq kamerali videoregistratorlar yo‘l orqasidagi vaziyatlar, orqa tomondan kelgan zarbalar yoki salon ichidagi holatlarni ham to‘liq qayd etadi.
Eng yaxshi videoregistratorlar (narxlari bilan)

Videoregistratorni budjetdan kelib chiqqan holda uchta asosiy segmentga bo‘lish mumkin. Premium, o‘rta va quyi segmentdagi qurilmalar haydovchilarning budjeti va ehtiyojidan tashqari, afzalliklari bilan ham farqlanadi.
Premium segmentdagi videoregistratorlar yuqori sifat va maksimal imkoniyatlarni taklif qiladi. Bu turdagi qurilmalar odatda 4K formatda, yuqori kadr tezligida yozuv olib boradi va yo‘ldagi eng mayda tafsilotlargacha aniq qayd etadi. Kunduzgi va tungi tasvir sifati yuqori bo‘ladi, shovqinlar kamaytiriladi, ranglar tabiiy chiqadi. Aksariyat premium modellar Wi-Fi, GPS va park rejimi bilan jihozlanadi. Ba’zilarida old, orqa va salon kameralarini birlashtirgan ko‘p kamerali tizim ham mavjud bo‘lib, avtomobil deyarli to‘liq nazorat ostida bo‘ladi. O‘zbekistondagi onlayn platformalarda bunday qurilmalar narxi 4 mln so‘mdan 6,8 mln so‘mgacha atrofda.
O‘rta segment videoregistratorlari eng ommabop toifaga kiradi. Bu qurilmalar narx va imkoniyatlar o‘rtasida muvozanatni ta’minlaydi. Odatda ular yuqori aniqlikdagi, ba’zan 4K darajasiga yaqin yozuvni taklif qiladi, interfeysi sodda va kundalik foydalanishga qulay bo‘ladi. Wi-Fi, asosiy sensorlar va barqaror video sifati ushbu segmentning asosiy ustunligi hisoblanadi. Murakkab sozlamalarsiz, ishonchli ishlashni istagan haydovchilar uchun aynan o‘rta segment eng maqbul tanlov sanaladi. Onlayn platformalarda bunday qurilmalar narxi 1,5 mln so‘mdan 4 mln so‘mgacha atrofda.
Quyi segmentdagi, ya’ni budjet videoregistratorlari esa minimal xarajat bilan asosiy ehtiyojlarni qondirishga mo‘ljallangan. Bu turdagi qurilmalar asosan Full HD yoki 2K formatda yozuv olib boradi va kundalik haydashda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlarni qayd etish uchun yetarli hisoblanadi. Murakkab funksiyalar bo‘lmasligi mumkin, biroq asosiy vazifa, yo‘l vaziyatini yozib olish, ishonchli bajariladi. Kechasi tasvir sifati o‘rta darajada bo‘lsa-da, shahar sharoitida foydalanish uchun yetarli bo‘ladi. Onlayn platformalarda bunday qurilmalar narxi 900 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha atrofda.
Qanday tanlash kerak

Videoregistrator tanlashda avvalo ehtiyojni to‘g‘ri aniqlab olish muhim. Agar faqat yo‘lda sodir bo‘ladigan holatlarni qayd etish kerak bo‘lsa va murakkab funksiyalar talab etilmasa, arzon segmentdagi Full HD yoki 2K formatda yozuv qiladigan videoregistrator yetarli bo‘ladi.
Agar kunduzi ham, tunda ham tasvir sifati birdek muhim bo‘lsa, yuqori aniqlikdagi videoregistrator tanlash maqsadga muvofiq. 4K formatda yoki HDR texnologiyasi bilan jihozlangan modellar yorug‘lik sharoiti yomon bo‘lgan paytda ham raqamlar va yo‘l belgilarini aniq ko‘rsatib bera oladi. Bu ayniqsa tungi haydash, yomg‘irli ob-havo yoki yoritilishi past hududlarda harakatlanadigan haydovchilar uchun katta ustunlik hisoblanadi.
Yo‘lning kengroq qismini nazorat qilishni istaganlar uchun bir nechta kamerali videoregistratorlar qulay bo‘ladi. Dual tizimlar old va orqa tomonni bir vaqtning o‘zida yozib boradi, bu esa orqa tomondan keladigan zarba yoki yaqinlashayotgan avtomobillarni qayd etish imkonini beradi. Agar maksimal nazorat kerak bo‘lsa, to‘rt kamerali tizimlar avtomobil atrofidagi vaziyatni deyarli to‘liq qamrab oladi. Bunday qurilmalar ko‘proq professional haydovchilar yoki mashinasini doimiy nazoratda ushlamoqchi bo‘lganlar uchun mos keladi.
Qurilmani o‘rnatishda e’tibor beradigan jihatlar

Videoregistratorni o‘rnatishda bir nechta muhim jihatlarni hisobga olish kerak, chunki to‘g‘ri o‘rnatish uning ishlash samaradorligini va uzoq muddatli foydalanish imkoniyatlarini ta’minlaydi.
Masalan, uni avtomobilning old oynasiga joylashtirganda, u haydovchi ko‘rish chizig‘ini to‘smasligi kerak. Bu xavfsizlik nuqtai nazaridan juda muhim, chunki kameraning o‘rnatilishi haydovchining yo‘lni ko‘rishiga xalaqit bermasligi lozim. Kamerani o‘rnatish uchun o‘zgarmas joy tanlagan maqul, bunda avtomobilning butun oldingi qismini ko‘rib chiqish imkoniyati bo‘lsin, lekin ko‘rish chizig‘i va boshqa jismoniy to‘siqlarga to‘sqinlik qilmasin.
Videoregistratorning ishlashi uchun zarur bo‘lgan saqlash joyi ham muhim. MicroSD kartaning sig‘imi kamida 32 GB bo‘lishi kerak, ammo 64 GB yoki 128 GB kartalar ko‘proq joy va yuqori sifatli videolarni saqlash imkonini beradi. Kartaning sifatiga ham alohida e’tibor qarating, chunki past sifatli kartalar yozuvning o‘chishiga yoki video sifatining pasayishiga olib kelishi mumkin.
Agar videoregistratorning park rejimi (avtomobil to‘xtab turadigan holatda ham yozuvni davom ettirish) ishlashini xohlasangiz, u holda avtomobilni doimiy quvvat bilan ta’minlash uchun hardwire kit (doimiy quvvat tizimi) dan foydalanish kerak. Bu tizim orqali qurilmani avtomobilning akkumulyatori yoki elektr tizimiga ulash mumkin bo‘ladi. Hardwire kit yordamida videoregistrator avtomobil to‘xtaganidan keyin ham ishlaydi va park rejimi davomida yozuvni davom ettiradi, bu esa xavfsizlikni yanada oshiradi.
Shu bilan birga, videoregistratorni o‘rnatishda kabelning tartibini ham unutmaslik kerak. Kabel tizimini tartibli va xavfsiz tarzda joylashtirish, yengil ishlashni ta’minlaydi va qisqa tutashuvlarni oldini oladi.
Umuman olganda, mazkur qurilma avtomobil uchun zarur aksessuar. To‘g‘ri model haydovchini yo‘l hodisalari, chalkash vaziyatlar va sug‘urta jarayonlarida asrab qoladi.
Bundan avval Kursiv Uzbekistan avtomobil uchun zarur boʻlgan aksessuarlar haqida maqola e’lon qilgandi.