Brest chegara punktida o‘zbekistonlik yuk tashuvchilarga alohida yo‘lak ochilishi mumkin

Brest chegara punktida o‘zbekistonlik yuk tashuvchilarga alohida yo‘lak ochilishi mumkin. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.
Yig‘ilishda bugungi geosiyosiy vaziyat sabab Yevropa yo‘nalishida yuk tashish xarajatlari qariyb ikki barobarga oshgani, bu esa O‘zbekiston mahsulotlarining Yevropa bozorida raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Shu bois logistika masalalarini qayta ko‘rib chiqish va xarajatlarni kamaytirish muhim vazifa sifatida belgilandi.
Polsha Yevropa bozorlariga chiqishda asosiy darvoza ekani ta’kidlanib, ushbu mamlakatdagi elchi logistika xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha aniq takliflar bilan chiqishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, Polsha tomoni bilan hamkorlikda yuk tashish jarayonlarini tezlashtirish va soddalashtirish masalalariga e’tibor qaratiladi.
Mutasaddilarga polshalik hamkasblar bilan Brest chegara punktida O‘zbekistonlik yuk tashuvchilar uchun alohida yo‘lak ochish bo‘yicha kelishuvga erishish vazifasi yuklatildi. Bu orqali yuklarning Yevropaga yetib borish muddati va xarajatlarini kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, mas’ul vazirliklarga O‘zbekiston va Ruminiya o‘rtasida hukumatlararo komissiya yig‘ilishini o‘tkazib, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishish topshirildi. Ruminiyaning Konstansa shahrida savdo uyi tashkil etish va 2026-yilda ushbu davlatga eksport hajmini ikki barobarga oshirish muhim vazifa sifatida belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tegishli elchilarga Vyetnam, Bahrayn va Portugaliya bozorlarida yangi hamkorlar topish vazifasi ham berilgandi.