
Eron havo hududi vaqtincha yopilgani sababli bir qator xalqaro aviareyslar belgilangan manzillariga yetib bora olmadi va jo‘nab ketgan aeroportlariga qaytishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Uzbekistan Airport matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Fly One Asia aviakompaniyasining Madina – Toshkent yo‘nalishidagi 7Q7742 reysi Madina aeroportiga qaytdi. Shu aviakompaniyaning Madina – Farg‘ona yo‘nalishidagi 7Q4442 reysi ham parvozni davom ettira olmay, Madina aeroportiga qaytib kelgan.
Shuningdek, Jazeera Airways aviakompaniyasining Toshkent – Quvayt yo‘nalishidagi J9650 reysi Toshkentdan mahalliy vaqt bilan soat 02:01 da havoga ko‘tarilganiga qaramay, yana Toshkent xalqaro aeroportiga qaytgan.
Sam Air aviakompaniyasining Samarqand – Jidda yo‘nalishidagi 9S3303 reysi esa Samarqanddan soat 02:04 da uchib chiqib, qisqa fursat ichida Samarqand aeroportiga qo‘nishga majbur bo‘lgan.
Bundan tashqari, Fly Khiva aviakompaniyasining Urganch – Madina yo‘nalishidagi 2U7911 reysi Urganchdan soat 02:17 da parvoz qilgan bo‘lsa-da, yana Urganch aeroportiga qaytgan.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Jidda – Toshkent yo‘nalishidagi HY336 reysi ham Eron havo hududi yopilgani sababli Jidda aeroportiga qaytishga majbur bo‘ldi.
Aviakompaniyalar yo‘lovchilarga parvozlar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar belgilangan tartibda taqdim etilishini ma’lum qilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh fuqarolarini Erondan chaqirib olayotgani haqida yozgandi.