
Geely kompaniyasi Xitoyda avtomobillarining narxini keskin tushirdi. Bu haqda Autohome xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, aksiya doirasida Coolray va Emgrand modellarining narxlari keskin pasaytirilgan. Xitoy bozorida Geely Binyue nomi bilan sotiladigan Coolray Super Edition 58,8 ming yuan narxda taklif qilinmoqda. Bu taxminan $8,2 mingga teng. Emgrand sedani esa 48,8 ming yuan bo‘lib, qariyb $6,8 ming atrofida baholanmoqda.
Yuqoridagi narxlar ham yakuniy emas. Trade-in dasturi orqali yana 4 ming yuan chegirma olish mumkin. Bundan tashqari, xaridorlarga noma’lum kafolatlangan sovg‘a va’da qilinmoqda.

Geely kompaniyasi shuningdek, avtomobillarni 7 yilgacha bo‘lgan muddatga boshlang‘ich badalsiz kredit asosida xarid qilish imkoniyatini ham taklif etmoqda. Kafolat muddati ham kengaytirilgan bo‘lib, 4 yil yoki 150 ming kmni tashkil etadi.
Geely Emgrand sedani 1,5 litrli atmosfera dvigatel bilan jihozlangan. Dvigatel 120 ot kuchiga ega bo‘lib, variator bilan uyg‘unlashtirilgan. Modelning gabaritlari 4638×1820×1460 mm, g‘ildirak bazasi esa 2650 mmni tashkil etadi. Rossiya va Belarusda ushbu avtomobil Belgee S50 nomi bilan tanilgan.
Geely Coolray esa BMA modul platformasida qurilgan. Birinchi avlod model 1,5 litrli turbomotor bilan jihozlanadi. Dvigatel to‘g‘ridan to‘g‘ri yonilg‘i purkash tizimiga ega bo‘lib, bosim 350 barni tashkil etadi. Avtomobil o‘lchamlari 4330×1800×1609 mm, g‘ildirak bazasi esa 2600 mm.

Ma’lumot uchun, Geely Xitoy avtomobil sanoatining eng tez rivojlanayotgan va global miqyosda eng faol kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya 1986-yilda tashkil etilgan bo‘lib, dastlab maishiy texnika ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. Geely avtomobil ishlab chiqarishga 1990-yillarning oxirida kirib kelgan va qisqa vaqt ichida Xitoy ichki bozorida mustahkam o‘rin egallagan.
Geely’ning asosiy yutug‘i shundaki, kompaniya texnologiya va muhandislikka katta sarmoya kiritadi. Bugungi kunda u o‘z platformalari, dvigatellari va elektron tizimlarini mustaqil ishlab chiqadi. CMA va BMA kabi modul platformalar Geely’ga turli sinfdagi avtomobillarni tez va nisbatan arzon yaratish imkonini bermoqda. Shu yondashuv brendga ichki bozorda ham, tashqi bozorlarda ham narx va sifat muvozanatini ushlab turishga yordam bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 16 ming dollarlik Geely Preface 2026 taqdim etilgani haqida yozgan edi.