
2025-yilda IDC ma’lumotlariga ko‘ra, Huawei kompaniyasi Xitoy smartfon bozorining 16,4 foiz ulushini egalladi. Bu ko‘rsatkich 46,7 mln dona sotilgan smartfonga teng, bu haqda South China Morning Post xabar berdi.
Ikkinchi o‘rinda Apple joylashdi. Kompaniya bozorning 16,2 foizini egalladi va 46,2 mln dona iPhone sotdi. Farq juda kichik bo‘ldi.
Uchinchi pog‘onani Vivo band etdi. Brend 46,1 mln dona smartfon sotishga erishdi va yetakchilardan juda ozgina ortda qoldi.
Keyingi o‘rinlarda Xiaomi va Oppo qayd etildi.
Huawei Xitoy bozorida yil yakunlariga ko‘ra ilk bor 2020-yildan keyin yetakchi bo‘ldi. Keyingi yillarda AQSh sanksiyalari sabab kompaniya pozitsiyalari sezilarli darajada zaiflashgan edi.
Umuman olganda, 2025-yilda Xitoy smartfon bozorida sotuvlar 0,6 foizga qisqardi. Yil davomida jami 284,6 mln dona qurilma sotildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Huawei va SGMW yangi Baojun Huajing S gibrid krossoverini taqdim qilgani haqida yozgan edi.