Yangiliklar

Labubu ishlab chiqaruvchisi bolalar mehnatida ayblanmoqda — The Guardian

O‘yinchoqlarga talab yuqori bo‘lgani sababli ishlab chiqarish kvotalari oshirib yuborilgan
Foto: Global Look Press

Xitoyning mashhur Labubu o‘yinchoqlarini ishlab chiqaradigan fabrikasida mehnat huquqlarining jiddiy buzilishlari aniqlandi. Bu haqda The Guardian gazetasi xabar berdi.

China Labor Watch inson huquqlari tashkiloti tomonidan Szyansi provinsiyasidagi Shunjia Toys fabrikasida o‘tkazilgan tergovlarga ko‘ra, 16 va 17 yoshli o‘smirlar fabrikada Xitoy qonunlarida belgilangan maxsus shartlar va cheklovlarsiz ishlaydi. Ular kattalar qatori bir xil ishlab chiqarish kvotalari bilan oddiy yig‘ish liniyalariga yuborilgan. Bundan tashqari, xodimlar go‘yoki ish sharoitlari, ish haqi va shartnoma shartlaridan bexabar holda bo‘sh mehnat shartnomalarini imzolaganlar.

Tergov bir necha oy davom etgan, shu vaqt ichida inson huquqlari faollari 50 dan ortiq ishchi bilan suhbatlashgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, o‘yinchoqlarga talab yuqori bo‘lgani sababli ishlab chiqarish kvotalari oshirib yuborilgan va qo‘shimcha ish vaqti qonuniy ravishda ruxsat etilgan soatdan (oyiga 36 soat) oshib ketgan — ba’zi hollarda 100 soatgacha yetgan.

Labubu Pop Mart’ning eng muvaffaqiyatli mahsulotlaridan biri. 2025-yilning birinchi yarmida ushbu liniya ishlab chiqaruvchiga milliardlab yuan daromad keltirdi. Da’volarga javoban kompaniya muntazam ravishda yetkazib beruvchilarni tekshirishi va tergovda ko‘rsatilgan faktlarni tekshirishni boshlaganini ma’lum qildi. Pop Mart uchun shartnoma asosida Labubu o‘yinchoqlarini ishlab chiqaradigan Shunjia Toys fabrikasi vakillari so‘rovlarga javob bermagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pop Mart do‘konlar tarmog‘i asoschisi, Labubu o‘yinchoqlari bilan mashhur Van Nin Xitoyning eng boy tadbirkorlari reytingida o‘ninchi o‘rinni egallagandi.