Yangiliklar

Nega ko‘pсhilik yil boshida ishini o‘zgartirish haqida o‘ylaydi — so‘rovnoma

500 nafardan ortiq o‘zbekistonlik ish izlovchilar o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi
Nega ko‘pсhilik yil boshida ishini o‘zgartirish haqida o‘ylaydi — so‘rovnoma
Nega ko‘pсhilik yil boshida ishini o‘zgartirish haqida o‘ylaydi — so‘rovnoma / Foto: ijtimoiy tarmoq

Qish odatda mehnat bozorida «sokin» davr hisoblanadi. Shunga qaramay, aynan yil boshida ko‘plab ish izlovchilarda ish joyini o‘zgartirish haqida fikr paydo bo‘ladi. HeadHunter (hh.uz) platformasi 500 nafardan ortiq o‘zbekistonlik ish izlovchilar o‘rtasida so‘rov o‘tkazib, bu kayfiyat ortida nima turganini aniqladi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 45 foizi ishini o‘zgartirish fikriga faslning umuman ta’siri yo‘qligini aytgan. Shu bilan birga, qariyb uchdan bir qismi yil boshini yangi boshlanish ramzi sifatida qabul qilishi yoki yil yakunlarini sarhisob qilib, ko‘proq narsaga loyiqman degan xulosaga kelishini bildirgan. 14 foiz ishtirokchi bayramlardan keyingi moliyaviy bosimni sabab sifatida ko‘rsatgan. Qolganlar esa yil davomidagi charchoq, qisqa kunduz kunlari tufayli energiya va motivatsiyaning pasayishini tilga olgan.

Ishini o‘zgartirish fikri ko‘pincha inson o‘z oldiga yil uchun maqsadlar qo‘yib, karyerasida nimanidir o‘zgartirish kerakligini anglagan paytda paydo bo‘ladi. Respondentlarning deyarli yarmi aynan shu holatni asosiy sabab sifatida ko‘rsatgan. 27 foiz uchun bu fikr rahbariyat bilan suhbat yoki ziddiyatdan keyin yuzaga keladi, 16 foiz esa boshqalarning karyeradagi muvaffaqiyatlarini ko‘rib, o‘zini solishtirganda shunday xulosaga keladi.

Faol harakatlarga o‘tish uchun eng muhim «signal» sifatida ish izlovchilarning yarmidan ko‘pi mos bo‘sh ish o‘rinlari va aniq shartlarning mavjudligini ko‘rsatgan. Shuningdek, aniq maqsad va rejaning paydo bo‘lishi hamda hozirgi ishda endi chidab bo‘lmas darajaga yetish muhim omillar qatorida tilga olingan.

Rostini aytganda, bu ko‘proq hissiyotmi yoki hisob-kitobmi degan savolga javoban respondentlarning aksariyati bu qarorni ongli va puxta o‘ylangan deb baholagan. 40 foiz buni aniq sabablar va keyingi qadamni ko‘rish bilan bog‘lasa, 37 foiz hissiyot va hisob-kitob birgalikda ta’sir qilganini aytgan. Faqat 15 foizgina bu holatni sof hissiy impuls deb hisoblaydi.

Qish mavsumida ish izlovchilarning xatti-harakatlari ham nisbatan vazmin. Deyarli yarmi (46%) bo‘sh ish o‘rinlariga shoshilmasdan, tanlab murojaat qiladi. 23 foiz faqat bozorni kuzatadi, e’lonlarni ko‘zdan kechiradi. Faol tarzda ariza topshirib, suhbatlarga borayotganlar ulushi esa 15 foizni tashkil etadi. Umuman ish e’lonlariga kirmaydiganlar juda kam – atigi 8%.

Umuman olganda, so‘rov natijalari shuni ko‘rsatadiki, qishki davrda ishini o‘zgartirish haqidagi fikrlar ko‘proq fasl bilan emas, balki shaxsiy maqsadlar va kutilmalarni qayta ko‘rib chiqish bilan bog‘liq. Aksariyat ish izlovchilar uchun bu impulsiv qaror emas, balki bozorni tushunish, mos imkoniyatlarni kutish va ichki tayyorgarlikka asoslangan ongli jarayon hisoblanadi.

Avvalroq «Kursiv» nashri o‘tgan yilda ish beruvchilar faolligi 17 foizdan ko‘proqqa oshgani haqida yozgandi.