O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish boshlandi

Bugun, 15-yanvar kuni soat 00:00 dan O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining birinchi bosqichi rasman boshlandi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Mazkur bosqich doirasida 17 kun davomida fuqarolar census.stat.uz rasmiy veb-sayti orqali OneID yagona identifikatsiya tizimi yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayoni nafaqat O‘zbekiston fuqarolari, balki xorijda vaqtincha bo‘lib turgan vatandoshlar uchun ham ochiq. Ular istalgan joydan yagona identifikatsiya tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatiga ega.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tish tartibi bo‘yicha videoyo‘riqnoma maxsus havola orqali taqdim etilgan. Shuningdek, onlayn ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar orasida tasodifiy tanlov asosida qimmatbaho sovg‘alar ham berilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoni ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich 15 – 31-yanvar kunlarini qamrab olib, jami 17 kun davom etadi.
Ikkinchi bosqich esa 4 – 28-fevral kunlari o‘tkaziladi. Bu jarayonda «Mahalla yettiligi» a’zolari uyma-uy yurib, maxsus planshetlar orqali aholini ro‘yxatga olish ishlarini amalga oshiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan aholini ro‘yxatga olish davlat iqtisodiyotiga nima berishi haqida yozgandi.