Yangiliklar

O‘zbekistonliklar elektr energiyani tejash uchun nimalar qilmoqda

Uy xo‘jaliklarining 87 foizi svetodiodli yoritishga o‘tgan
elektr energiya
Foto: Pexel.com

Energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan yechimlarning keng joriy etilishi natijasida uy xo‘jaliklarining qariyb 90 foizi energiya sarfini kamaytirishga qaratilgan kamida bitta chora-tadbirni amalga oshirgan. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

Ijobiy o‘zgarishlardan biri uy xo‘jaliklarida maishiy darajada energiya tejash choralarini keng joriy etish bo‘ldi. Eng keng tarqalgan amaliyot LED-yoritish moslamalarini o‘rnatish bo‘lib, uy xo‘jaliklarining 87 foizi svetodiodli yoritishga o‘tgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Toshkent viloyatlari kabi ayrim hududlarda bunday oilalar soni 90 foizdan oshgan.

Uy xo‘jaliklarining 44 foizi, ayniqsa, Qashqadaryo (84 foiz), Buxoro (69 foiz) va Xorazm (54 foiz) viloyatlarida plastik deraza va eshiklarni o‘rnatish orqali energiya samaradorligini yaxshilagan. Shuningdek, 31 foiz uy xo‘jaliklari energiya tejamkor maishiy texnika sotib olgan, bunday qarorlarning eng katta ulushi Jizzax (60 foiz), Navoiy (59 foiz) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (54 foiz) kuzatildi.

Infografika: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Bundan tashqari, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga qiziqish ortib bormoqda. Quyosh panellarini o‘rnatgan uy-xo‘jaliklarining yarmidan ko‘pi erishilgan natijalardan mamnun ekanini, kelgusida mazkur qurilmalar sonini ko‘paytirishga qiziqish bildirgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, aholi o‘rtasida taxminan 1,9 million uy xo‘jaliklarida quyosh panellarini o‘rnatishga talab mavjud, bu esa qiymati $2,3 milliarddan ortiq ichki bozorni shakllantirish istiqbollarini ochadi. Shu bilan birga, xonadonlarda samaradorligi past bo‘lgan gaz kotellari va qo‘lbola pechkalardan foydalanilishi natijasida yuqori energiya iste’moli saqlanib qolmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlar, jumladan, tashqi devorlarni izolyatsiyalash, isitish tizimlarini yangilash, eskirgan eshik va derazalarni almashtirish mamlakatning ko‘p xonadonli uy-joylarida yiliga $60 milliondan ortiq elektr energiyasi, tabiiy gaz hamda issiqlik energiyasini tejash imkonini beradi. Jahon bankining tahlillariga ko‘ra, ijtimoiy soha obyektlari, jumladan, sog‘liqni saqlash muassasalari, maktabgacha ta’lim muassasalari va davlat maktablarida ham shunday salohiyat mavjud. Ushbu obyektlarga energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan maqsadli investitsiyalar kiritilishi orqali energiya iste’molini 20-50 foizga tejash va iste’molni yiliga 7,1 mlrd kVt/soatgacha qisqartirish mumkin.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston 2030-yilgacha energiya sarfini 20 foizga qisqartirmoqchiligi haqida yozgandi.