O‘zbekistonning Tashqi siyosat konsepsiyasi yangilanadi

Shavkat Mirziyoyev mamlakatning Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasini yangilab, uning ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish zarurligini aytdi. Bu haqda prezident Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, jahonda bo‘layotgan geosiyosiy o‘zgarishlar, xalqaro munosabatlar tizimidagi beqarorlik, mintaqaviy qarama-qarshiliklar va global iqtisodiy transformatsiyalar har bir davlatdan tashqi siyosatni doimiy ravishda qayta ko‘rib chiqishni, uni milliy manfaatlar va zamon talablariga moslashtirib borishni taqozo qilmoqda.
Shu munosabat bilan respublikaning Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasini yangilab, uning ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish, milliy manfaatlarni himoya qilish va xalqaro maydonda O‘zbekistonning o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab olish zarurligi ta’kidlandi.
«Yangi konsepsiya mamlakatimizning uzoq muddatli strategik maqsadlarini, ichki islohotlarimiz mantig‘ini, iqtisodiy diplomatiya, xavfsizlik, investitsiya, eksport, transport-logistika, suv va iqlim masalalaridagi milliy manfaatlarimizni yaxlit va o‘zaro bog‘liq holda aks ettirishi lozim», – dedi davlat rahbari.
Bundan tashqari, ishlarni samarali tashkil qilish uchun elchixonalarning har biriga qo‘shimcha mablag‘ berilishi belgilandi. Diplomatlarning xizmatlarini munosib e’tirof etish maqsadida «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan diplomat» faxriy unvonini ta’sis etish taklif qilindi.
Avvalroq «Kursiv» chet eldan loyiha topib, uni O‘zbekistonga olib kelgan va loyihani yakuniga yetkazgan elchilarga ustama to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.